Breaking News

Eski hammom, eski tos: O’zbekistonda gaz va elektr muammosi


O’zbekiston aholisini gaz va elektr bilan ta’minlash Prezident Shavkat Mirziyoyevning asosiy va’dalaridan biri edi. Uning boshqaruv muddati yakuniga yaqinlashmoqda. Aholini gaz va elektr bilan ta’minlash esa O’zbekiston uchun muammoligicha qoldi. Yillar davomida yechimini topmagan bu masala bilan Senat ham jiddiy shug’ullanmoqchi.

20-noyabr kuni yalpi majlisda Senat raisi Tanzila Norboyeva gaz va elektr ta’minoti bo’yicha alohida surishtiruv, muhokama o’tkazilishiga va’da berdi.

O’zbekistonda qishning erta boshlanishi gaz va elektr yetishmovchiligini jiddiy keskinlashtirgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bir necha kundirki “Xalqqa gaz va elektr bering!” shiori yozilgan murojaatlar ulashilmoqda.

Tarmoq foydalanuvchilari bu talabni davlat rahbarining diqqatiga yetkazishga va muammo ijobiy yechim topishiga umid qilishmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi bu faollik, gaz va chiroq yetishmasligi yuzasidan bildirilayotgan noroziliklar Senatning jonli efirga uzatilgan yalpi majlisini ham chetlab o’tmagan.

Tanzila Norboyeva majlisni onlayn kuzatib borayotgan aholi tomonidan gaz, elektr yetishmovchiligi yuzasidan minglab savollar kelayotganini, Senat bu masalani chetlab o’tmasligi, maxsus surishtiruv o’tkazilishini, tegishli vazirliklardan hisobot so’ralishini ta’kidladi.

Majlisda elektr masalasini muhokamaga olib chiqqan senator Farmon Toshev elektr aholining asosiy muammosiga aylangani, chiroq yirik shaharlarda ham muntazam o’chayotgani, odamlarni endi aldab bo’lmasligi, hukumat idoralarining yolg’on va’dalari saylov okruglariga borishni ham noqulay qilib qo’yganidan shikoyat qildi.

O’zbekiston tabiiy gazni ham, elektr energiyasini ham ishlab chiqaradi. Uzoq yillardan buyon bu mahsulotlar eksporti bilan ham shug’ullanib keladi. Ammo aholini gaz va elektr ta’minlash, ayniqsa qish mavsumida mamlakat miqyosida jiddiy muammoligicha qolmoqda.

Bu kamchiliklarni bartaraf etish, qishloq aholisini kundalik hayotdagi birlamchi qulayliklar - tabiiy gaz, ichimlik suvi va elektr chirog’i bilan ta’minlash Mirziyoyevning xalqqa bergan dastlabki va’dalaridan edi.

Mirziyoyevning prezidentlik muddati keyingi yil nihoyasiga yetadi, ammo va’dalar bajarilmadi. Aksincha, gaz va elektr ta’minoti bilan bog’liq vaziyat yanada og’irlashgani ta’kidlanmoqda.

Oktabr oyi oxirida Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo’mitasi aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash, jumladan, gaz quvurlari bilan bog’liq holatni muhokama qilgan edi. Bu O’zbekiston aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash nafaqat jiddiy oqsayotgani, balki yaqin kelajakda jiddiy o’nglanishi qiyin bo’lgan masala ekanligini ko’rsatdi.

Muhokamada “Hududgazta’minot” tasarrufidagi mamlakat gaz quvurlarining aksariyat qismi 25-30 yildan buyon almashtirilmagani, yaroqsiz holga kelib qolgani ma’lum qilindi.

Aholidan yo’q gaz uchun ham muntazam pul undirib kelinganidan qat’i nazar quvurlar almashtirilmagani va ta’mirlanmagani keskin tanqid ostiga olinar ekan, gaz ta’minoti bilan bog’liq vaziyat inqirozga yaqin baholanadi.

Aynan shu muhokamada senator Qutbiddin Burhonov tappi yoqishga majbur qolgan o’zbek ayollari o’zlaridan go’ng hidi kelayotganidan shikoyat qilishayotgani haqida bayonot qilgan edi.

Gaz yetishmovchiligi bo’yicha bildirilgan bu keskin bayonotga nisbatan ham, senatorlar muhokamasiga chiqqan elektr taqchilligi masalasida ham hukumat va tegishli vazirliklar biror munosabat bildirgani kuzatilgani yo’q.

Aksincha, Sentaning yalpi majlisi o’z ishini davom ettirar ekan, Toraqo’rg’on Issiqlik elektrostansiyasida avariya yuz bergani, buning natijasida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg’ona, Namangan viloyatlarida elektr ta’minoti yuzasidan cheklovlar kiritilgani xabar qilindi.

Avvalroq esa hukumat tomonidan gaz ta’minotiga doir cheklovlar, kichik biznes vakillari, jumladan, xizmat ko’rsatish shoxobchalari, kafe va oshxonalar uchun joriy qilingan edi. Bu qish mavsumida aholini issiqlik bilan ta’minlashga qaratilgan majburiy chora sifatida izohlangan edi.

Gaz va elektr masalasida aholi bildirayotgan shikoyatlar oqimi tinmayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda xalqqa gaz, elektr berish talab qilingan murojaatlar tobora ko’payib borayotgani inobatga olinsa, hukumat ko’rayotgan choralarning hozircha samara bermayotgani ko’rinadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG