Yevropadan boshpana olib, keyinroq vataniga qaytgan o’zbeklar hayotini tasvirlagan va O’zbekiston telekanalida efirga uzatilgan “Xiyonat” ko’rsatuviga nisbatan tanqidiy fikrlar kuchaygan.
Norvegiyadan qaytgan qochqinlar televideniyega qiynoq asosida bayonot bergani da’vo qilinadi. Diniy ekstremizmda ayblanib qamalgan fuqarolarni gomoseksuallar deya taqdim etgan ko’rsatuv yuzasidan sud ishi qoldirilgan.
“O’zbekiston” telekanalini tuhmat va haqoratda ayblab, shikoyat qilgan arizachilarga ko’ra, ayblanuvchilarga nisbatan qiynoq qo’llanganiga televideniye xodimlari ham guvoh bo’lib turishgan. “Xiyonat” ko’rsatuvidagi “iqrornoma” shu tazyiqlardan so’ng yozib olingan.
“Televideniyedan syomkaga kelganlar bularni urib, qiynab turganini kulib kuzatib turishgan ekan. Shundan keyin indamay syomka qilishni boshlashgan. Bu jarayonga advokatlar ham qo’yilmagan”, - deydi jabrlanuvchining qarindoshi.
11-dekabr kuni namoyish qilingan “Xiyonat” ko’rsatuvi Norvegiyadan O’zbekistonga qaytarilgach, ekstremistik guruhlarga aloqadorlikda ayblanib qamoq jazosiga hukm qilingan olti fuqaro haqida hikoya qiladi.
Ayblanayotganlar ustidan sud hukmi o’qilmasdan avval efirga uzatilgan bu ko’rsatuvda ular jihodchilik g’oyalari targ’ibotidan tashqari Norvegiyada besoqolbozlik bilan shug’ullanganliklari ham aytiladi.
24-dekabr kuni Toshkent viloyat sudi bu fuqarolarni diniy ekstremistik guruhlarga aloqadorlikda aybdor topib, turli muddatlarga qamoq jazosiga hukm qildi.
12 yilga qamalgan mahkumlardan biri Shuhrat Ilhomovning yaqinlari “O’zbekiston” telekanalini tuhmat va haqoratda ayblab, Shayxontoxur tuman fuqarolik sudiga davo arizasi bilan chiqqan.
Jabrlanuvchi tomon deydiki, "Xiyonat” ko’rsatuvidagi iqror tazyiq ostida olingan, "O’zbekiston" telekanalining besoqolbozlik haqidagi iddaolari asossiz.
Bu shikoyat yuzasidan 25-fevralga mo’ljallangan mahkama ishi O’zbekiston televideniyesi iltimosiga ko’ra 9-martga ko’chirilgan.
Huquq himoyachisi Surat Ikromov mahkama ishini kuzatgani borgan.
“Bir soatlarcha kutdik, keyin sudya bizni chaqirdi. 4-5 huquq himoyachilari, AQSh elchixonasidan kelgan vakillar ham bor edi. Sudyani aytishiga qaraganda javobgar tomon, O’zbekiston televideniyesining yuristi ish bilan tanishish uchun yana vaqt talab qilgan. Shu bois mahkama boshqa kunga ko’chirilgan”, - deydi Ikromov.
Uning aytishicha, suddan oldin ayblanuvchilarni jinoyatchiga chiqargan telekanal iddaolari sudda ham tasdiqlanmagan.
“Ko’rsatuvda besoqolbozlikda ayblanayapti, ammo bu narsa ish bo’yicha ayblov xulosasida ham, hukmda ham yo’q. Ular buni nimaga asoslanib chiqargan, tushunarsiz. Ehtimol, ularni vakillari kelsa tushuntirib berar deb o’ylayapmiz. Birinchidan, nima uchun buni oldindan chiqarishmoqda, bu umuman noqonuniy. Hali sud hukmi chiqmasdan ular O’zbekiston televideniyesi orqali butun mamlakatga besoqolboz, boshqa-boshqa deb ko’rsatayapti”.
Surat Ikromov kutilayotgan mahkama tuhmat va haqorat arizasi ortidagi qiynoqlar muammosini inobatga olish zarurligini aytadi.
“Endi sud boshlansa, bu savollar beriladi. Qanday bo’ldi, nega oldindan e’lon qilayapti. Bular o’sha paytda besoqolbozlik masalasida sud ekspertizasidan ham o’tkazilgan. Ekspertiza bu narsani tasdiqlamagan”, - deydi Ikromov.
Toshkent viloyat sudi Norvegiyadan qaytgan bu fuqarolardan uch nafarining ishini shikoyat tartibida ko’rib chiqib, hukmni o’z kuchida qoldirgan.