O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda muxolif siyosiy partiyalar emas, uyg‘oq siyosiy partiyalar bo‘lishidan manfaatdor. Davlat rahbari tanqididan so‘ng uyg‘ongan siyosiy partiyalar o‘z faoliyatlaridagi mudroqlikni tan olishmoqda, jamoatchilikka elektorat manfaatlari va hokimiyat uchun kurashish va’dasini bermoqda.
Prezident tashabbusini qo‘llab quvvatlash siyosiy partiyalarning asosiy shioriga aylangan bir sharoitda uyg`onayotgan jamiyat demokratiyaga emas, tug`unlikka qarab ketishidan xavotirlar mavjud.
Mirziyoyev uyg‘oqlikka da’vat etayotgan rasmiy partiya yetakchilari orasida unga muxoliflar yo‘q.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari yetakchilari ham, bu partiyalarning so‘nggi paytda televideniyedagi muhokamalarda qatnashayotgan faollari ham, asosan, Prezident Mirziyoyev tashabbuslarini qo‘llash bilan jamoatchilikka tanilmoqda.
Mirziyoyev tanqididan so‘ng rasmiy partiyalar orasida boshlangan faollik bu partiyalarning Karimov davridagi o‘zaro muxoliflik kurashini eslatadi. Faqat bugun davr o‘zgargan, prezidentlikka Shavkat Mirziyoyev kelgan, rasmiy partiyalar endi yangi yurtboshining chaqiriqlariga moslashishga urinishayotgani kuzatiladi.
“Parlamentda ikki yarim yildan buyon faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, prezident ma’ruzalaridan keyin o‘zimga savol berib qaradim, bizning g‘oyalarimizni xalq biladimi, degan savol ko‘nglimdan o‘tdi. Albatta, biz partiya dasturi bo‘yicha ishlaganimizda chiroyli g‘oyalarni qo‘yganmiz, ammo hozir o‘ylab qarasam, biz teskari piramida shaklida ishlaganmiz, asosiy ish tepada, boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan ishlash esa juda past. Partiya tarkibiga odamlarni majburiy tarzda olib kelganimizni his qilyapman”, - deydi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi faoli, parlament deputati Sattor Rahmatov siyosiy partiyalar yuzasidan televideniyeda o‘tgan muhokamada.
Mirziyoyevning rasmiy partiyalar haqidagi tanqidi avvalroq, parlament va siyosiy partiyalar vakillari bilan Toshkent shahrida o‘tgan uchrashuvida kuzatilgan edi:
“Masalan, Xalq demokratik partiyasi o‘zini pensionerlar, kam ta’minlangan aholi qatlami manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyish etadi. Lekin, xolisona aytadigan bo‘lsak, partiya shu maqsad yo‘lida haqiqatda ham amaliy ish olib boryaptimi”, - degan prezident mazkur siyosiy partiyani o‘z dasturi va elektorati taqdiriga nisbatan befarqlikda aybladi.
Mirziyoyevning siyosiy partiyalarga nisbatan bildirayotgan bu tanqidlari, aslida marhum prezident Islom Karimov davridagi munosabatdan keskin farq qilmaydi. O‘zbekistonni chorak asr davomida boshqarib kelgan Karimov ham o‘z vaqtida rasmiy siyosiy partiyalarni raqobatga, hatto muxoliflikka ham chaqirgan, bu borada bir nechta qonunlarni imzolagan edi. Mirziyoyevning Harakatlar strategiyasi dasturi ham siyosiy partiyalar faoliyati haqidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritishni, davlat boshqaruvida ularning o‘rnini kuchaytirishni maqsad qiladi.
Ta`kidlash joiz, Mirziyoyev Karimovdan farqli ravishda ayrim islohotlarni amalga oshirmoqda. O‘zbek matbuotida jonlanish mavjud, muammolar haqida gapirilmoqda. Davlat idoralari ham xalq bilan bevosita muloqotda. Uzoq yillar qamoqda saqlangan bir nechta siyosiy mahbuslar ozodlikka chiqarildi. Aksariyat siyosiy faollar, minglab namozxonlar hamon qamoqda qolayotgan bo‘lsa-da, uyg‘onish davri kelgandek.
Siyosiy raqobat mavjudligi bu uyg‘onish davrining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lishi mumkin edi, ammo mamlakatda muxolif partiyalar yo‘q. Xorijga chiqib ketgan faollar bu o‘zgarishlarni chetdan kuzatishmoqda, ichkaridagi muxoliflikka da’vogar faollar o‘zgarishlar yo‘qligidan shikoyat qilishadi.
Abdulla Tojiboy o‘g‘li muxolif siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazishga urinib kelayotgan faollardan. Uning oliy o‘quv yurtlarida uchrashuv o‘tkazish harakati to‘sqinlikka uchragan, Adliya vazirligi arizasini bir necha bor rad etgan.
“Men partiya faoliyati bo‘yicha uchragan to‘sqinliklarim yuzasidan oxiri xavfsizlik xizmatiga shikoyat bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Chunki siyosiy partiyani ro‘yxatga olishga harakatlar davomida aynan shu amaldorlar, idoralar, Adliya vazirligi, sudlar, prokurorlar xalq bilan hukumat o‘rtasida nizo chiqarishga urinishmoqda, siyosiy harakatga to‘sqinlik qilmoqda, degan xulosaga keldim”, - deydi AbdullaTojiboy o‘g‘li.
O‘ktam Ahmedov xorijda turib, O‘zbekistondagi jarayonlarni kuzatib kelayotgan muxolifatchilardan biri. Uning fikricha, prezident hali siyosiy islohotlar boshlamadi.
“Hozircha yangi prezident siyosiy islohotlarga qo‘l urmadi, lekin shu maqomda yaxshi bayonotlar qilyapti. Umid qilamizki, 1-2 yil ichida yaxshi bo‘ladi, lekin shu vaqt mobaynida iqtidordagi hukumatga muxolifat paydo bo‘lishi kerak, agar bo‘lmasa yana tuzum Karimov davriga, tug‘unlikka qaytadi. 25 yil davomida butun boshli avlod voyaga yetdi, dunyo kezgan, solishtirish imkoniyatiga ega bu avlodda o‘zgarishlar qilish imkoniyati bor, muxolifat mamlakat ichkarisida bo‘lishi kerak”, - deydi Ahmedov.
O‘zbekistonda rasmiy partiyalardan tashqari Karimov davrida faoliyati va faollari xorijga ko‘chishga majbur bo‘lgan muxolif partiyalar ham mavjud, uzoq yillik ta`qiblar natijasida ularning aksariyati o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
O`zbek muxolifatiga doir bugungi vaziyat muxoliflik doirasida qolgan siyosiy partiyalar faoliyati bilan emas, muxolifligi bilan tanilgan shaxslar bilan ko‘zga tashlanadi.
Facebook Forum