O`zbekiston Xavfsizlik Kengashi yig`ilishini o`tkazgan Islom Karimov chegaraviy tahdidlarning oldini olish uchun qo`shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga ko`rsatma bergan. Ekstremizm va terrorizm tahdidiga qarshi kurash muhokama qilingan bu yig`inda mamlakatning janubiy sarhadlari xavfsizligini ta`minlashga diqqat qaratilgan.
O`zbekiston Afg`oniston bilan chegarasini qattiq qo'riqlaydi. Xavfsizlik Kengashi a`zolarining ayni kunlardagi yig`ilishi Afg`onistondagi vaziyat bilan bog`liqmi yoki boshqa sabablari bormi, bu haqda aniq aytilmagan.
Xavfsizlik Kengashiga Prezident Islom Karimov raislik qiladi. Rasmiy xabarga ko`ra, Karimov boshqaruvida o`tgan majlisda ekstremizm va terrorizm tahdidi, janubiy sarhadlarning xavfsizligini ta`minlash muhokama qilingan. Islom Karimov xavfsizlik maslasida qo`shni davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta`kidlagan.
Xavfsizlik Kengashi majslisiga doir boshqa tafsilotlar yo`q, janubiy chegaralar xavfsiligini taminlash Afg`oniston, Turkmaniston va Tojikiston bilan chegralarni nazarda tutadi.
Qo`shni davlatlar bilan bu borada hamkorlikni kuchaytirish vizali tartibidagi, chegaraviy ziddiyatlardan xoli bo`lmagan mintaqaviy aloqalarga qanday ta'sir o`tkazishi hozircha mavhum. O`zbekistonning Afg`oniston bilan mavjud 100 kilometrdan oshiqroq chegarasi esa o`ta mustahkam qo`riqlanadi, ammo Afg`oniston bilan ancha uzun tutash hududlarga ega Tojikiston va Turkmaniston chegaralaridagi vaziyat haqida bunday deyish qiyin.
So`nggi paytda afg`on-turkman, shuningdek, tojik-afg`on chegarasi yaqinida ham ashaddiy to`qnashuvlar kuzatildi. Turkmaniston chegarasi yaqinida vaziyat keskinlashar ekan, o`nga yaqin turkman chegarchilari halok bo`lgani, chegara mudofaasiga o`zbek askarlari ham jalb qilingani haqida ma`lumotlar tarqalgan edi.
Afg`onistondagi vaziyat xavotirliligicha qolmoqda. Mamlakat janubida, mintaqa bilan chegaradosh shimolda toliblar va “Islomiy davlat” guruhi jangarilari ancha faollashgan. Afg`onistondan qo`nim topgan O`zbekiston Islomiy Harakati bilan bog`liq vaziyat mavhum. Bu harakat tarqab, uning negizida “Islomiy davlat”ga bay'at keltirgan “Xuroson lashkarlari” guruhi tashkil topgani haqida ma`lumotlar bor.
Siyosiy muhojir, o`zbekistonlik diniy faol Muhammadsolih Abutov esa O`zbekiston Islomiy Harakati toliblar tomonidan yakson qilingan degan fikrda:
“O`IH toliblar tomonidan yo`q qilindi, hozir faqat qoldiqlari qolgan. Ko`pchilik uni Turkiston Islom Harakati ham deb atardi. Chunki tarkibida tojik, qirg`iz va boshqalar ham bor edi. Aslida O`IH ham, TIH ham bitta tashkilot edi. O`zbekistonliklardan iborat boshqa jihodchi tashkilotlar bor, lekin ular Suriyada. Men O`zbekistonda terrorizm, diniy ekstremizm tahdidi o`ta yuqori deb hisoblamayman. Mamlakatda xalifat orzusida yurgan, radikal aqidalarga ega aholi juda kamchilik, ehtimol bir foizni tashkil etishi mumkindir. Bu degani real xavf-xatarning o`zi yo`q, hukumat diniy ekstremizm tahdidini bo`rttirishdan manfaatdor, xolos”, - deydi u.
Islom Karimov Afg`onistondagi vaziyat yuzasidan davomli tarzda xavotir bildirib keladi. Afg`oniston masalasi haqida Karimov so`nggi bor Toshkentda ShHT sammiti doirasida gapirgan edi.
Karimovning aytishicha, Afg`onistondagi vaziyatni urush yo`li bilan hal etib bo`lmaydi, mamlakatdagi siyosiy kuchlar o`rtasida muzokara yo'lga qo'yilishi kerak. Shuningdek, u AQSh boshliq xalqaro koalitsiya qo`shinlarining Afg`onistondan olib chiqilishi vaziyatni yanada chigallashtiradi, deb hisoblaydi.
So`nggi xabarlarga ko`ra, AQSh “Islomiy davlat”ga qarshi Afg`onistonda jang qilayotgan qo`shinlari sonini oshira boshlagan. Bunga “Islomiy davlat” guruhining Afg`onistonda ancha faollashgani sabab qilib ko`rsatilmoqda.
Ekspertlarga ko`ra, xalqaro koalitsiya “Islomiy davlat” guruhini Suriya va Iroqdagi hududlaridan siqib chiqarar ekan, Afg`onistondagi jangarilar sezilarli faollashadi. Ayniqsa, “Islomiy davlat” va boshqa ekstremistik guruhlar safida urushayotgan o`zbekistonliklarning Afg`onistonga qaytish ehtimoli mintaqa uchun vaziyatni yanada xatarli qilishi mumkin.