Akmal Saidov, Hotamjon Ketmonov, Narimon Umarov O’zbekiston prezidentligi uchun kurashda Islom Karimov bilan bellashadi. “Adolat”, Xalq demokratik partiyasi (XDP), “Milliy tiklanish” va Liberal-demokratik partiya ko'rsatgan nomzodlar bular.
Saylov 29-mart kuni o’tadi. Tuzum o'zgarmasligiga, navbatdagi saylov Karimov prezidentligini umumiy hisobda 30 yilga cho'zishiga ishonch kuchli.
O’zbekiston prezidentini saylash va tanlash mohiyatida ham o’zgarish yo’q. Islom Karimovga raqiblik qiluvchi nomzodlar aniq, ammo ularning hammasi uning siyosatini so’zsiz qo’llab kelayotgan rasmiy partiyalardan tanlangan.
“Milliy tiklanish”partiyasining nomzodi Akmal Saidovda saylov tajribasi bor. U avvalgi saylovda ham prezidentlikka nomzod sifatida qatnashgan edi.
O’zbekiston inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov inson huquqlarini toptayotgan amaldagi hukumatning ashaddiy himoyachisi sifatida tanilgan.
XDP nomzodi Hotamjon Ketmonov va “Adolat” nomzodi Narimon Umarov jamoatchilikka deyarli noma’lum. Ko’pchilik ularning otini endi bilayapti, deydi sharhlovchilar. Akmal Saidov 2007-yilda ham ko'rsatilgan.
“Ketmonov va Umarov deyarli notanish odamlar. Ular hatto o’zlarini partiyalarida ham nisbatan yangi odamlar hisoblanadi. Shunday ekan, saylov o’tgan taqdirda ham ular uchun kimdir ovoz beradi deyish qiyin. Shuning uchun saylovda eng ko’p ovoz prezidentda, undan keyin esa Akmal Saidovda bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi taniqli mustaqil huquq faoli Surat Ikromov.
Islom Karimov esa ortiqcha ta’rifga muhtoj emas. 24 yildirki, u O’zbekiston prezidenti.
“Odamlar bilan suhbatlashganda hamma aytayapti: yana o’zi bo’ladi, foydasi yo’q, hammasi uyushtirilgan deb. Ko’pchilik eskicha diktatura qolishini, hech narsa o’zgarmasligini tushunib turibdi. Shunday pessimistik kayfiyatda fikr yuritishadi”, - deydi Surat Ikromov.
Prezidentlik saylovlarida to’rtinchi bor qatnashayotgan Karimov har doim 90 foizga yaqin ovoz bilan g’alaba qilib kelgan.
Ammo Karimov prezidentligi va mamlakat qonunchiligi o’rtasida katta bo’shliq bor. Konstitutsiyaga ko’ra, bir kishi ikki muddatdan ortiq prezidentlik qilishi mumkin emas. Amalda esa mamlakat Islom Karimovdan boshqa prezident ko’rmagan.
Karimov nomzodining konstitutsiyaga muvofiqligi yuzasidan Liberal demokratlar partiyasi ham, Markaziy saylov komissiyasi ham hozircha biror tushuntirish bermagan.
Surat Ikromov fikricha, qonunchilikdagi bu tafovut xalqqa rasman tushuntirilishi kerak.
“Rasman hozircha buning sabablari haqida hech narsa deyilmayapti. O’zi bu yerda yuridik ekspertiza o’tkazilishi kerak, sabablari va qonuniyligi bo’yicha. Hatto buni biror bahona bilan ifodalovchi tushuntirish ham yo’q. Bilishimcha, oldinlari ham xuddi shunday bo’lgan, ya’ni hech qanday tushuntirish berilmagan. Ehtimol bu safar biror izoh berishar, masalan, hozirgi siyosiy vaziyatga bog’lab yoki shuncha payt o’zi ishladi, ishini yaxshi biladi qabilasida biror rasmiy tushuntirish bo’lar. Lekin afsuski hozircha hech narsa yo’q”, - deydi u.
Huquq himoyachisi nazarida, saylov amaldagi siyosatga muxolif kayfiyatdagi aholi uchun tanlash imkoniyatini bermaydi. Muxolif partiyalar O’zbekistondan allaqachon quvg’in qilingan, yetakchilari xorijda, mamlakatdagi faollarning aksariyati esa qamoqda.
O’zbekiston prezidentligi uchun saylov 29-mart kuni o’tadi. Nomzod ko’rsatish muddati yakunlangach, Markaziy saylov komissiyasi ularni rasman prezidentlikka nomzod sifatida ro’yxatga oladi.
Komissiya 16-yanvar kuni o’tgan majlisida okrug saylov komissiyalarini tuzish va ular tarkibini aniqlash bo’yicha qaror qabul qilgan. Takidlanishicha, joylardagi komissiya a’zolari jamoatchilik orasida obro’ga ega bo’lgan odamlardan tanlab olingan.