Breaking News

Isroil-G'azo: Talafotlar oshib bormoqda, diplomatiya natija berganicha yo'q


15-may tongida Isroil G’azo sektoriga havodan yana bombalar yog’dirdi. XAMAS guruhi Isroil hududiga raketlar otish bilan javob qaytardi. Qochqinlar lageriga tushgan bombadan 10 falastinlik, Isroilda esa bir kishi halok bo’lgan.

Shuningdek, Isroil raketasi “Associated Press” va “Al-Jazeera” kabi telekanallar idorasi hamda kvartiralar joylashgan qo’p qavatli binoni qulatdi. Hujum oldidan evakuatsiya uchun bir soat vaqt berilgan. Isroil armiyasining da'vo qilishicha, binodan XAMAS foydalanayotgan bo’lgan.

Falastinliklar bugun “naqba”, ya’ni 1948-yilda Isroil barpo etilganda yuz minglab falastinlik majburan ko’chirilganini fojia deya yodga olar ekan, vaziyat yanada tarang. AQShning region bo’yicha rasmiysi Hadi Amir sulh bo’yicha muzokara qilish uchun yetib keldi.

14-mayda ham yuzlab falastinliklar Isroil politsiyasi bilan to’qnashib, 11 kishi halok bo’ldi. Isroilning Lod shahrida yahudiy va arab aholi o’rtasida ixtilof kuchaygan.

Bir haftadan beri davom etayotgan mojaro urushga yetaklashi mumkin degan xavotirlar bor. Isroil zaxiradagi 9000 askarini G’azo bilan chegarada joylashtirgan. Ular sektorga kirgani haqidagi e'lon XAMAS jangchilarini tunnellarga jalb qilish va portlatish uchun Isroil tomonidan atalaylab qilingani to'g'risida xabarlar bor.

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko’ra, 10-maydan buyon Isroil havo hujumlarida kamida 134 falastinlik jon bergan, 900 nafari jarohatlangan. Isroilda sakkiz kishi, jumladan olti yoshli bola halok bo’ldi.

Falastinlik oilalar uy-joylarini tashlab, mashinada, piyoda yoki eshak-aravalarda BMT tomonidan yuritiluvchi maktablarga yo’l olmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi 15-may kungi majlisida vaziyatni muhokama qilmoqchi. Isroil falastinliklar orasida talafotlarni kamaytirishga harakat qilayotganini bildiradi.

“Xavfsizlik Kengashi Isroilning o’zini himoya qilishga qaratilgan harbiy harakatlarini XAMASning urush jinoyatlariga tenglashtirmasligi kerak”, - deydi Isroilning Vashingtondagi elchixonasi vakili Elad Strohmayer “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Isroil rasmiylarining aytishicha, G’azodagi havo hujumlarda o’lganlarning aksariyati XAMAS jangchilari va qo’mondonlaridir. Sektordagi oxirgi uch urushda tinch aholi orasidagi talafotlar tufayli Isroil xalqaro hamjamiyat tanqidiga uchragan edi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ogohlantirishicha, agar janglar to’xtatilmasa mojaro “xavfsizlik va gumanitar inqirozga yetaklab, ekstremizm kuchayishiga” olib keladi.

Xunrezlikni to’xtatishga qaratilgan global vositachilik harakatlari avjida. Tel-Avivga yetib kelgan AQShning mintaqa bo’yicha rasmiysi Hadi Amr Isroil, Falastin va BMT rasmiylari bilan muloqotda.

“Muzokaralar juma kuni jiddiy tus oldi. Misr, Qatar va BMT muzokarachilari tinchlikni tiklashga harakat qilmoqda, lekin kelishuvga erishilgani yo’q”, - deydi falastinlik rasmiylardan biri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG