Breaking News

Vashington SPIDga oid xalqaro konferensiyaga mezbonlik qilmoqda


SPIDga qarshi xalqaro anjuman/AIDS conference in Washington
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00
Yuklab oling

SPIDga qarshi xalqaro anjuman/AIDS conference in Washington

Dunyo bo’ylab millionlab odam Vich - immunitet taqchilligi virusi va uning natijasida vujudga keluvchi SPID kasalligiga chalingan. Vich bilan yashovchilarning 8 milliondan ortig’i aksil-retroviros muolajasini olmoqda. Bu o’tgan yilgi ko’rsatkichdan 20 foiz ko’proq. Ayni paytda Vashingtonda SPIDga qarshi kurash mavzusida konferensiya o’tmoqda. Unda dunyoning 200 dan ortiq mamlakatidan jami 20 mingdan ziyod tadqiqotchi va faollar qatnashmoqda.



Anjumanda SPIDning oldini olish va unga qarshi kurash bo'yicha shu kungacha qilingan ishlar tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirish lozim bo'lgan vazifalar yuzasidan fikr almashilmoqda.

BMTning SPID bo’yicha maxsus dasturi UNAIDS ushbu anjuman oldidan yangi hisobot chiqardi. Hisobot “Birgalikda SPIDga chek qo’yamiz” deb nomlanadi. Unga ko’ra, o’tgan yilda 1,4 million odam kasallikdan davolanishni boshlagan. Vich virusini yuqtirganlar soni 34 milliondan ortiq.

UNAIDS tashkiloti rahbari Maykl Sidibe SPIDni to'la davolash imkoniyati yaqin kunlarda paydo bo'lishidan umidvor.

“Fikrimcha, biz yangi davrda – davolanish va kasallikning oldini olish mumkin bo’lgan davrda yashayapmiz, - deydi u. - SPIDni batamom yo’q qilish imkonimiz bor”.

BMT rasmiysi fikricha, umumiy mas’uliyat, o’zaro majburiyat va global hamkorlik muvaffaqiyat garovidir:

“Bu uch omil nafaqat kelasi kunlardagi bahs-munozaralarga asos bo’ladi, balki yaqin kelajakdagi harakatlarimizni ham belgilaydi”, - deydi Sidube.

Uning ta’kidlashicha, Vich va SPIDga qarshi kurash uchun mablag’ni ayamaslik kerak. Shu maqsadda 2011-yilda dunyo bo’ylab 17 milliard dollar ajratilgan.

Kambag’al va o’rtahol mamlakatlar epidemiyaga qarshi kurashda xorijiy donorlar yordamiga qarab turmay, o’zlari ham mablag’ ajratmoqda. Masalan, Janubiy Afrika 2011-yilda bu maqsadda 2 milliard dollar sarfladi.

Bu borada xalqaro yordamning katta qismi AQShdan keladi. Jorj Bush prezidentligi davrida boshlanib, hanuz davom etayotgan PEPFAR deb nomlanuvchi Favqulodda holatlar uchun president rejasi tashkiloti SPID, sil va bezgakka qarshi kurash uchun har yili katta mablag’ ajratadi.

PEPFAR rahbari Erik Guzbining aytishicha, sarflanayotgan mablag’ o’z samarasini bermoqda.

“So’nggi uch yil ichida PEPFAR dasturlari doirasida ajratilgan mablag’ va belgilangan ustuvor yo’nalishlar samara bermoqda. SPIDga chalinishi ehtimoli katta bo’lgan guruhlarni aniqlash va xavfsiz sharoitda davolash- biz tanlagan yo’l”, - deydi u.

2011-yilda kasallik 1,7 million odam hayotiga zomin bo’ldi. 2005-yilda bu raqam 24 foizga ko’proq edi.

SPID vabosini yengishdagi muvaffaqiyatlarga qaramay, qilinadigan ishlar hali ko’p, katta mablag’ kerak, deydi soha mutaxassislari. O’tgan yilda Vichga chalingan odamlar soni 2,5 millionga ko’paydi. Ularning 40 foizi - yoshi 15 dan 24 gacha bo’lgan yoshlar. Aksariyati – ayollar.

Osiyo va Sharqiy Yevropada kasallikdan davolanish imkoniyatlari cheklangan.

Narkomanlar, besoqolbozlar va fohishalar kasallanish xavfi yuqori bo’lgan guruhlar hisoblandi. Ular orasida virusga chalinish hollari ko’paymoqda.

UNAIDS tashkilotining ma’lum qilishicha, 2015-yilga borib muolaja olayotganlar soni 15 millionga yetadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG