Breaking News

G’arb Putin-Kim uchrashuviga qanday munosabat bildirdi?


Shimoliy Koreyaning Rossiyaga tashrif buyurgan rahbari Kim Chen Un Prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvdan so’ng mahalliy aviatsiya zavodi va Rossiya Harbiy-dengiz kuchlarining Tinch okeani flotini ko’zdan kechirdi.

Xalqaro hayot - 14-sentabr, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00

Ikki davlat harbiy sohada hamkorlikni kuchaytirishga ahd qildi.

G’arb matbuoti ikki rahbar uchrashuvi chog’ida qurol savdosi asosiy mavzu bo’lishini taxmin qilganiga qaramay, bu borada rasmiy bayonot bo’lmadi.

Kim Chen Un Rossiya fazo dasturi bilan ham qiziqdi. Ayrim xabarlarga ko’ra, kelajakda Shimoliy Koreya fazogirini koinotga uchirish haqida gaplashishdi.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi Pxenyan Rossiyaga harbiy yordam bermasligiga umid qildi.

"Sayyoramizdagi hech bir davlat janob Putinga begunoh ukrainliklarni o’ldirishga yordam bermasligi kerak. Agar Rossiya va Shimoliy Koreya qurol kelishuviga erishadigan bo’lsa, chora ko’ramiz va tegishli ravishda ish tutamiz”, - dedi u.

AQSh Davlat departamenti ham uchrashuv yuzasidan xavotir bildirdi.

"Ruslar Shimoliy Koreya bilan BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga xilof dasturlar bo’yicha hamkorlik haqida gaplashayotgani xavotirga molik. Axir Rossiya bu rezolyutsiyalarga o’zi ovoz bergan”, - deydi department so’zlovchisi Mettyu Miller.

Vashingtonlik tahlilchi Mark Fitspatrik nazarida, Shimoliy Koreya va Rossiya manfaatlariga javob beradigan kelishuv dunyo tartibi va mintaqaviy barqarorlikka tahdid soladi.

“Ular fazo markazida uchrashgani ahamiyatlidir. Demak, Shimoliy Koreyaga mana shunday texnologiyalar kerak. Pxenyanning oxirgi ikkita josus sun’iy yo’ldoshi fazoga ko’tarilmaganini hisobga olganda unga bu borada yordam kerak”, - deydi ekspert.

Fitspatrik Shimoliy Koreya Rossiyani artilleriya o’q-dorilari va tankka qarshi snaryadlar bilan ta’minlashiga shubha qilmasligini aytadi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’dkilashicha, Shimoliy Koreya bilan har qanday hamkorlik Xavfsizlik Kengashi sanksiyalaridan chetga chiqmasligi kerak. Janubiy Koreya esa harbiy hamkorlikka doir kelishuvlarga qarshi ekanini bildirdi.

Kim Putinni o’z mamlakatiga taklif qildi, Kreml Putin taklifni qabul qilganini ma’lum qildi.

Kreml Armaniston va Ozarbayjon o’rtasida Tog’li Qorabog’ bo’yicha ziddiyatlar kuchayayotganidan tashvishda ekanini bildirmoqda.

Armaniston qo’shni mamlakatni Tog’li Qorabog’ atrofida qo’shin to’playotganlikda ayblayapti. Hudud o’tgan yil dekabridan beri ozarbayjonlik askarlar tomonidan qamalga olingan. Yerevan u yerdagi rossiyalik tinchlikparvar kuchlar armanlarga yordam bermayotganidan shikoyat qilarkan, Rossiyani ortiq xavfsizlik kafili deb bilmasligini bildirdi.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya har ikki mamlakat bilan aloqada bo’lishini, Janubiy Kavkazda samarali xavfsizlik kafili bo’lishda davom etishini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG