Breaking News

Olimlar zika virusiga qarshi kurashni jadallashtirmoqda


Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining xalqaro olim va ekspertlar ishtirokidagi majlisida zika virusini aniqlash va unga qarshi vaksina yaratishga qaratilgan urinishlarni jadallashtirishga kelishildi. Ushbu virus yangi tug’ilgan chaqalorlarda mikrosefaliya va boshqa miya xastaliklariga sabab bo’lmoqda.

Uch kun davomida virologiya, immunologiya va boshqa sohalar vakillari ilk bor zika viruziga oid vaziyat hamda unga qarshi medikamentlarni ishlab chiqishni tezlashtirish yo’llarini muhokama qildi.

Zika aslida kuchli virus emas, katta zarar ham yetkazmaydi. Ammo Braziliyada minglab ayollarning virusga chalinib, homilasining miyasi to’g’ri rivojlanmagani va mikrosefaliya bilan tug’ilishi tashhis hamda kasallikning oldini olish masalasini dolzarblashtirdi.

Jahon sog’liqni saqlash tashkilotining direktori muovini, zika tadqiqotlari uchun mas’ul Mari-Pol Kini olimlar masala ustida bosh qotirayotganini tasdiqlar ekan, 60 dan ziyod guruh diagnostika, vaksinalar, kasallikni davolash va nazorat qilish ustida ishlayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, vaksina ustidagi ishlar ilk bosqichda, ularning odamlarda sinalishiga hali bir necha oy bor.

“Shu bois vaksina Lotin Amerikasidagi hozirgi epidemiya uchun vaqtida yaratilmasligi mumkin. Ammo vaksina ixtirosi – eng ustuvor masala, ayniqsa homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar uchun,” – deydi u.

Diagnostika masalasida esa sezilarli siljish bor. Kinining aytishicha, Edes turidagi chivin chaqishi oqibatida yuqadigan denge, chikungunya hamda zika viruslarini bir galda aniqlaydigan test yaratish kerak.

Denge epidemiyasini to’xtatishda insektisidlarni purkash samara bergan bo’lsa, zika virusiga qarshi bunday uslubdan foyda yo’q, deydi mutaxassislar.

Shu bois Edes turidagi chivinlar uchraydigan mintaqalar aholisi uydan chivinlarni haydab chiqarish, chivinlarning tarqalishiga olib keladigan hovuz va ko’lmaklarni yo’q qilish tavsiya etiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG