Bugun Londonda “WikiLeaks” sayti asoschisi Julian Assanj hibsga olingan. U Shvetsiyada ikki ayolga jinsiy tajovuz qilganlikda ayblanmoqda.
Maxfiy hujjatlarni fosh etish bilan tanilgan sayt rahbari bu ayblovlarni rad etadi va ular ortida siyosiy sabablar turibdi deb hisoblaydi.
39 yoshli Julian Assanj Londondagi markaziy politsiya boshqarmasiga o’zi borgan va u yerda qamoqqa olingan.
Sud huzuriga olib borilganida, tovon to'lab ozodlikka chiqishiga ruxsat berilmagan. Sudya qaroriga ko'ra, u 14 dekabrgacha panjara ortida qoladi.
Shundan so'ng Assanj Shvetsiyaga ekstraditsiya qilinishi mumkin. Ayblanuvchi bunga qarshi, chunki Shvetsiya uni AQSh qo’liga topshirishi mumkin.
O’tgan hafta “WikiLeaks” Amerika diplomatiyasi bilan bog’liq chorak milliondan ortiq maxfiy hujjatlarni internetda chop etgan.
AQSh Davlat kotibasi, bu mamlakat bosh diplomati Xillari Klinton “WikiLeaks” va unga bu materiallarni yetkazgan shaxslarni nafaqat Amerika, balki xalqaro hamjamiyatga nisbatan xurujda ayblagan.
Vashington nazarida maxfiy hujjatlarni keng ommaga oshkor etish – xavfsizlikka va minglab insonlar hayotiga tahdid qilish bilan barobar.
Julian Assanj hibsga olinishidan sal oldin “WikiLeaks” NATOga tegishli diplomatik hujjatlarni internetga qo’ydi. Ularda Boltiqbo’yi mamlakatlarini Rossiyadan himoya qilish rejasi haqida gap ketadi. AQSh va Germaniya qistovi bilan harbiy alyans Estoniya, Latviya va Litvani ehtimoliy xurujlardan qanday mudofaa qilish loyihasini tuzib chiqqan.
“WikiLeaks”, shuningdek, Amerika uchun dunyo bo’ylab muhim hisoblanuvchi ob’yekt va zaxiralar ro’yxatini ham e’lon qilgan edi. Ular Yevropadagi stratetgik maskanlar, harbiy dengiz floti bilan bog’liq ma’lumotlar, jahon mineral va energetik boyliklari xususida yuzlab bet axborotdan iborat.
Xillar Klinton “WikiLeaks”ni global tinchlikka raxna solayotganlikda ayblasa, AQSh Adliya vaziri Erik Xolder javobgar shaxslar tutilib, sudga tortiladi deya va’da bermoqda.
“Bu hujjatlarni oshkor qilish bilan Qo’shma Shtatlar va bu davlatga ishlovchi insonlar hayotiga xavf solinayapti”, - deydi vazir.
Xolder “WikiLeaks”ga qarshi bir necha choralar ko’rilayotganini aytadi, ammo aynan nima degan savolga javob bermaydi.
“Amerika xalqi bu mas’uliyatsiz va vijdonsiz shaxslar harakatidan iloji boricha kam zarar ko’rishini ta’minlaymiz”.
Kongressning ayrim a’zolari Julian Assanjni jinoiy javobgarlikka tortish kerak deb chiqmoqda, ammo huquqshunoslarning tushuntirishicha bu oson emas. Assanj Amerika fuqarosi emas.
Shunday ekan, deydi yuristlar, Adliya vaziri javobgarlarni topamiz deganida maxfiy hujjatlarni “WikiLeaks”ga uzatgan amerikaliklarni nazarda tutmoqda.