Qo'shma Shtatlarda prezident poygalari avjida. Viskonsin shtatida seshanba kungi partiyaviy saylovlarda respublikachi nomzod Ted Kruz va demokrat Berni Sanders g'alaba qozondi. Kruz milliarder raqibi, shu paytgacha aksariyat poygalarda yutgan Donald Trampni bu safar osonlikcha mag'lub etgan.
Texasdan senator Ted Kruz uchun bu birinchi salmoqchi yutuq.
"Burilish nuqtasidir bu. Viskonsinning mehnatkash xalqi butun Amerikaga iltijo qilmoqda. To'g'ri qaror qabul qiling, demoqda. Men Resublikachilar partiyasidan yagona nomzod bo'lishim uchun 1237 delegatni jamg'ara olishimga ishonchim ortib borayapti", - deydi Kruz.
Tramp uchun bu katta yo'qotish. Iyul oyida Klivlendda respublikachilarning konvensiyasida u Kruz bilan teng kuch sinashadigan ko'rinadi. Qurultoyda partiyadan prezidentlikka yagona nomzod tanlanishi kerak.
Milliarder tadbirkor Viskonsindagi poygalar natijasi e'lon qilinishidan oldin jurnalistlar bilan ko'rishar ekan:
"Saylov kampaniyamiz juda jadal, muvaffaqiyatli kechayapti. Bellashuvda oshig'im olchi. Men boshqa raqiblarimdan millionlab nafar ko'proq odamning ovozini jamg'arishga qodirman", - dedi.
Ogayo gubernatori Jon Keysik Viskonsindagi saylovda uchinchi o'rinda.
Demokratlardan esa Vermont shtati senatori Berni Sanders uchun bu yirik g'alaba bo'ldi. U oldinda ketayotgan raqibi, sobiq davlat kotibasi Hillari Klintonga yetishib olishga harakat qilayapti.
"Amerika xalqini g'aflatdan uyg'otishimiz kerak. Mehnatkash, o'rta sinf ahlini, katta yoshdagilar va yoshlarni o'z haqlari uchun kurashishga ishontira olishimiz lozim. Ovoz bering, saylovga chiqing, shunda g'alaba qozonishimiz aniq", - deydi Sanders.
Klinton 19-aprel kuni Nyu-Yorkda rejalangan ichki saylovlar oldidan fuqarolarni o'ziga og'dirishga urinmoqda. U ham Sanders, ham Trampni nishonga olayapti.
"Amerikani tarqatib yuborishga, bo'lib tashlashga harakat qilayotganlar juda ko'p. Tarafdorlarimga aytaman, Nyu-Yorkka keling, ovoz bering! Tramp esa Nyu-Yorkdagi qal'alaridan loaqal bir marotaba chiqib, shaharni aylansin, odamlarning dardini tinglasin", - deya undadi Hillari.
Sandersning bu galgi g'alabasiga qaramay, Klinton delegatlar soni bo'yicha senator Sandersdan hanuz oldinda ketayapti.