Xalqaro Valyuta Jamg’armasi hisobicha, joriy yil dunyoda iqtisodiy o’sish avval o’ylanganidan yuqori bo’ladi. Biroq Yevropada avj olgan tanazzul jahonni domiga tortishi ehtimoldan xoli emas.
Tashkilot kuchli davlatlarni moliya sektorini isloh qilishga va byudjet kamomadini kamaytirishga undamoqda.
Xalqaro Valyuta Jamg’armasi taxminicha, global o’sish 4,6 foizni tashkil qilmoqda. Avval bu raqam bir oz kamroq, ya’ni 4,2 foiz bo’lishi kutilgan edi.
Qo’shma Shtatlarda bu raqam 3,3 foiz atrofida. Prezident Barak Obama yaqin besh yilda yanada ulkan yutuqlar bo’ladi, demoqda. Joriy yilda Amerikada eksport hajmi ortgan. Mo’ljal esa - chetga har yili 3 trillion dollarlik mahsulot sotish.
Biroq AQShda ishsizlik ko’lami hamon yuqori, 10 foiz atrofida. Iqtisodiy o’sish talab darajasida emas, deydi iqtisodchilar. Xorijga imkon qadar ko’p mahsulot jo’natish kerak, deydi prezident Obama, shunda ahvol yaxshilanadi. Chunki eksport ko’lami Qo’shma Shtatlarda ish o’rni yaratish uchun muhim. Ham sanoat, ham qishloq xo’jaligi va yana ko’plab boshqa sohalarda, eksportga bog’liq tarmoqlarda.
Bu orada xorijda Amerika mahsulotining bozori chaqqonlashgan. AQShda ishlab chioqarilgan samolyot, oziq-ovqat va ust-bosh tez sotilmoqda.