AQSh Adliya vazirligi rossiyalik ikki josus va yana ikki shaxsni 2014-yilda "Yahoo" saytidan yuz millionlab odamlarga aloqador ma'lumotni o'g'irlaganlikda ayblamoqda.
Rossiyalik Dmitriy Dokuchayev va Igor Sush'in Rossiya federal xavfsizlik xizmati xodimlari ekani aytilmoqda.
"Ayblanuvchilar Rossiya va Amerika rasmiylari, diplomat va harbiylarining "Yahoo"dagi hisoblariga hujum qilgan", - deydi Adliya vaziri muovini Mari Makkord. "Rus jurnalistlari, moliya sektori xodimlarining elektron pochtasiga xakerlik hujumi uyushtirilgan".
Aleksey Belan ismli shaxs avval ham Amerikada ikki bor shu kabi xakerlik amaliyotida ayblangan va Federal qidiruv idorasining qora ro'yxatiga tushgan.
Boshqa bir xaker, Karim Baratov seshanba kuni Kanadada qo'lga olingan.
2014-yilda "Yahoo"ning jamoasi xakerlar chet davlat hukumatining yordamida millionlab odamlarning hisoblariga kirganini aniqlagan. Biroq buni bila turib, javob choralari ko'rmagan.
Xakerlar kamida 500 million foydalanuvchining elektron manzili, tug'ilgan sanasi va boshqa shaxsiy ma'lumotni o'g'irlagan. 2013-yilda ham "Yahoo"ga shu kabi hujum uyushtirilib, bundan chamasi 1 milliard odam ziyon ko'rgan.