Shu yilning iyul oyida Eron va xalqaro hamjamiyat o'rtasida tuzilgan yadro bitimi bir necha o'n yillik munozara va muzokaralarga yakun yasadi. AQSh rahbari Barak Obama kelishuvni yilning eng katta yutuqlaridan biri, deydi. Hujjat mintaqadagi kuchlar muvozanatida ham o'zgarish yasadi.
Kelishuvga ko'ra, Eron yadro dasturini qisqartirishi evaziga Tehronga qo'yilgan xalqaro iqtisodiy jazo choralari bekor qilinadi. Maqsad Eronning yadro qurolini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymaslik, deydi G'arb davlatlari. BMTning yadro dasturlarini nazorat qiluvchi agentligi chiqargan xulosaga ko'ra, Eron bitim shartlariga rioya qilmoqda.
"Eron 2-3 hafta ichida tayyorgarlik ishlarini tugatishiga shubhamiz yo'q", - deydi Xalqaro Atom energiyasi agentligi rahbari.
Agar shunday davom etsa, 2016-yil avvalidayoq sanksiyalar bekor qilinishi mumkin. Prezident Obamaga ko'ra, yadro bitimi kelajakka umid bilan qarashga asos beradi.
"Eronni yadro quroliga erishishdan to'xtatadigan kuchli bitimni tuza oldik. Allaqachon uranni boyitadigan minglab sentrifugalar yo'q qilindi", - deydi Obama.
Eron muxolifatining ko'zga ko'ringan vakili Mehrdod Xonsari kelishuv Tehronning dunyodagi mavqeini o'zgartirdi, degan fikrda.
"Eronning yakkalanishi tugadi. Uning xalqaro hamjamiyatga qo'shilishiga imkon beruvchi forum yaratildi", - deydi u.
O'lkaning faollashuvi esa mintaqadagi kuchlar muvozanatiga ham ta'sir ko'rsatmoqda. Shia Eron va sunniy Saudiya Arabistoni o'rtasidagi azaliy raqobat yanada kuchaygan. Ular Suriya va Yamanda muxolif tomonlar yonini olmoqda. G'arb IShID kabi sunniy ekstremistlarga qarshi kurashar ekan, Eronni tahdid sifatida ko'rmayapti, deydi Xonsari.
"Yadro bitimi ortidan Eronni tan olish jarayoni boshlandi. Iqtisodiyotga, iqtisodiy masalalarga qaraydigan bo'lsangiz, Eron aholisi va resurslari nuqtai nazaridan tashqi investitsiya uchun dunyoning katta bozori", - deydi u.
Eron zaxiralarining eng qimmatlisi - neft. Shu oy Tehron yangi shartnomalar uchun xorijdan 25 milliard dollar sarmoya izlayotganini ma'lum qildi. Agar kelasi yil boshida jazo choralari bekor qilinadigan bo'lsa, mamlakatda neft va pul oqa boshlaydi.