Breaking News

Yil sarhisobi: Isroil Yaqin Sharqdagi o'zgarishlardan xavotirda


2013-yil Yaqin Sharq uchun yanada notinch bo’ldi. Mintaqaning ko’plab davlatlarida ommaviy nozoriliklar va qo’zg’olonlar davom etdi. Voqealardan eng ko’p xavotirga tushayotgan davlatlardan biri bu Isroil.
Eronning yadroviy tadiqotlarini to’xtatishga qaratilgan muzokaralar eng ko’p Isroilning tinchini buzdi. Mamlakat rasmiylariga ko’ra, Tehronning dasturdan voz kechish haqida aytayotgan gaplariga ishonib bo’lmaydi. Tel-Avivdagi Milliy xavfsizlik masalalari instituti tadqiqotchisi Efraym Kam ham shunday fikrda.

“Ular hatto iqitisodiy qiyinchlikni boshdan kechirayotganlariga qaramay, dasturni to’xtatishga shoshilmayapti. Eron tutgan yo’l oddiy - biroz berish evaziga ko’proq narsani qo’lga kiritish va qulay fursat kelganda yadro dasturini yana davom ettirish”, - deydi u.

Yahudiy davlati Suriyadagi urushni ham yaqindan kuzatmoqda. Suriya hukumati hamda uning ittifoqchilari Eron va Hizbulloh ixtilof uchun ko’p e’tibor va moliyaviy resurslarini sarflayotganidan Isroil mamnun. Ammo vaziyatni nazardan qochirmaslik kerak, deydi Terrorizmga qarshi xalqaro institut vakili Eli Karmon.

“Shuncha katta hududni kim nazorat qiladi? Hozir bu joylarni o’nlab kichik tashkilotlar, jihodchilar, salayfiylar va mahalliy qo’mondonlar boshqaryapti”, - deydi u.

Suriya mojarosi doirasida butun mintaqa bo’ylab sunniy-shia ixtilofi kuchaydi. Bu Isroil uchun yoqimli xabar bo’lsa-da, jangarilar ko’paygani xavotirli, deydi Efraym Kam.

“Urush to’xtagach, bu odamlar bizga qarshi bosh ko’tarishi mumkin. Muammo shunda. Hozir emas. Ammo kelajakda shunday katta muammo yuz berishi mumkin”, - deydi isroillik tahlilchi.

Misrda yuz bergan harbiy to’ntarish ham Isroil foydasiga bo’ldi. Yangi hukumat Isroilga yaqin Sinay tepaliklarini terrorchilardan tozaladi hamda Xamas guruhi faoliyatini cheklash yo’lini tutdi.

Uch yillik tanaffusdan so’ng falastinliklar bilan tinchlik muzokaralari ham qayta boshlandi. Ammo ko’pchilik bu ishdan biror foyda chiqishiga shubha bilan qaraydi.
Eli Karmonga ko’ra, har ikki tomonda yon berishni istamaydiganlar bor.

“Nazarimda, biz muvaqqat kelishuvga erishishimiz kerak. Unda falastinliklarga ramziy ma’noda yangi hududlar, iqtisodiy va harakat qilish erkinliklari berilishi va so’nggi kelishuvning umumiy asoslari ko’rsatilishi kerak”, - deydi u.

Falastinliklar esa Isroilning yon berishiga, masalan, G’arbiy Sohilda boshlangan qurilishlarni to’xtatishiga ishonmaydi, deydi Sharqiy Quddusdagi “PASSIA” tadqiqot instituti vakili Hadi Abdul Mahdiy.

“Isroilliklar tomonidan o’rnatilgan harbiy boshqaruv va G’arb kuchlari nazorati ostida avtonomiyaga ega bo’lmagan bir sharoitda yashashda davom etamiz”, - deydi u.

Isroil yetakchilari murosaga tayyor ekanliklarini aytadi. Evaziga xavfsizlik kafolatini so’rashadi. Yil bo’yi hududda bir qator qonli voqealar yuz bergan bir paytda esa bunday talabning ijro topishi imkonsiz.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG