Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Saudiya Arabistoni Yamanda shia jangarilarga qarshi olib borayotgan harbiy harakatlarni qoralab chiqdi.
"Siz yurakka nafrat urug'ini ekayapmiz",- dedi Ruhoniy Riyodga qarata, bugun Tehronda harbiy paradda so'zlar ekan. "Javobini olasiz, ertami-kechmi".
Eron oliy peshvosi Oyatulla Ali Hominiy fikricha Saudiya Arabistoni yetakchiligidagi kampaniya "genotsid" va "jinoyat".
Islomiy respublika, Riyod va uning ittifoqchilari nazarida, Yamanda hutiylar deya tanilgan shia harakatni zimdan quvvatlamoqda.
Havo hujumlari ostidagi hududlarda ahvol bag'oyat o'g'ir. Saudiya Arabistoni BMT bu yerlarda ishlashi uchun 274 million dollar ajratmoqda. 150 ming aholi uy-joysiz qolgan, 700 dan ziyod odam o'lgan.
Poytaxt Sano hutiylar qo'lida. G'arb yoqlagan Prezident Abd-Rabbu Mansur Hadi xorijga qochgan.
Hutiylar sobiq prezident Ali Abdulla Solih bilan til biriktirgan. Solih 2012-yilda hokimiyatdan ag'darilgan.
Kecha Eron Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif BMTga Yamanda tinchlikni tiklash taklifi bilan chiqqan. Unda barcha tomonlardan hujumni to'xtatish talab qilinadi va yangi hukumat tuzish uchun muzokara boshlash kerak, deyiladi.
Bu orada Saudiya Arabistoni liderligidagi koalitsiya Sano va Taiz singari yirik shaharlar hamda janubiy port shahar Adan uzra havodan hujumlarni davom ettirmoqda.
Kecha al-Qoida terror tizimining Yamandagi qanoti Mukalla shahridagi harbiy inshootni egallab olgan. Katta miqdorda qurol-aslaha o'marilgan.
AQSh rahbari Barak Obama va Saudiya Arabistoni qiroli Salmon telefonda gaplashib, Yamanda tinchlikka erishish harakatlariga BMT boshchilik qilishi kerak deb kelishib olgan.
BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun barcha taraflarni hujumni bas qilishga chaqirmoqda.