Futbol bo’yicha 2026-yilgi jahon chempionatiga mezbonlikni da’vo qilayotgan mamlakatlar orasida AQSh, Kanada va Meksika ham bor. Qizig’i shundaki, bu uch davlat musobaqani birgalikda o’tkazish uchun ariza topshirgan.
Agar ma’qullansa, bu jahon chempionatining ilk bor uch davlat mezbonligida o’tkazilishi bo’ladi. 2002-yilgi musobaqa Janubiy Koreya va Yaponiyada o’tkazilgan, ammo tarixda shu paytgacha uch davlat birgalikda mezbon bo’lmagan.
AQSh futbol bo’yicha bu xalqaro turnirga 1994-yilda mezbonlik qilgan. Meksika esa oxirgi marta 1986-yil chempionat mezboni bo’lgan. Kanada hali bunday sharafga ega bo’lmagan, ammo 2015-yilda ayollar o’rtasidagi chempionat shu yerda o’tkazilgan.
2026-yilgi musobaqaning aksariyat o’yinlari AQShga o’tkazilishi rejalanmoqda. Jami uchrashuvlarning 60 tasi, xususan, chorak filandan keyingi barcha o’yinlar Qo’shma Shtatlarda o’ynaladi. Kanada va Meksikaning har biri esa 10 tadan uchrashuvga mezobonlik qiladi.
AQSh Futbol Federatsiyasi Prezidenti Sunil Gulatining aytishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp ham musobaqaning Qo’shma Shtatlarda o’tkazilishini qo’llab-quvvatlagan.
AQShda futbol
AQSh ko’plab sport o’yinlari keng taraqqiy etgan mamlakatlardan biri. Futbol ham ancha ommalashgan, ammo uni mamlakatdagi eng mashhur sport turlaridan biri deyish qiyin. Sababi – bu o’lkada amerikacha futbol (qo’l bilan o’ynaladi), beysbol kabi sportlar amerikaliklarning eng sevimli o’yinlari hisoblanadi.
Lekin futbol ham yoshlar orasida tobora ommalashib bormoqda. 2015-yil may oyidagi ma’lumotga ko’ra, AQShda 24,4 million amerikalik futbol o’ynaydi. 2012-yilgi holat bo’yicha, futbol AQShda basketbol va beysboldan so’ng jamoa bo’lib eng ko’p o’ynalgan uchinchi sport sifatida qayd etilgan.
Futbol AQShda o’tgan asrning 60 va 70-yillaridan boshlab ommalasha boshlagan. Ayniqsa, 1994-yil jahon chempionatiga, 1999-yilda esa ayollar o’rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilishi ortidan Qo’shma Shtatlarda bu sportning mashhurligi yanada ortdi.
Mamlakatda bu sport turi AQSh Futbol federatsiyasi tomonidan boshqariladi. Milliy terma jamoa eng yaxshi natijani 1930-yilda qayd etgan: jahon chempionatida uchinchi o’rin. 1950-yildan 1990-yilgacha biror marta ham jahon chempionatiga chiqa olmagan. Ammo 1990-yildan beri jamoa har safar jahon chempionatida to’p surish imkoniyatini qo’lga kiritmoqda.
AQShda futbol maktablari
Dam olish kunlari AQSh bo’ylab sport maydonlariga tashrif buyursangiz, yuzlab bolalarning bir xil formlarni kiyib to’p tepayotganiga guvoh bo’lasiz. Bu bugungi Amerika yoshlari uchun normal holatga aylangan.
Bu o’zgarishlar oxirgi 20 yil ichida yuz berdi. Ayniqsa, 1994-yil AQShning jahon chempionatiga mezbonlik qilishi yoshlar orasida futbolga qiziqishni keskin oshirib yubordi.
Mahalliy va ko’ngillilardan iborat havaskor jamoalar asta-sekin professional ligalarga birlashdi; ularda doimiy o’yinchilar, maosh oladigan murabbiylar paydo bo’ldi.
Hozir mamlakatda 8 yoshdan 18 yoshgacha bo’lgan yosh toifalari uchun jamoalar, musobaqalar bor.
1994-yilgi chempionat ortidan AQShda Futbol oliy ligasi (Major League Soccer - MLS) tuzildi. Unda jami 22 ta professional futbol jamoasi to’p suradi. Jamoalarning uchtasi Kanadadan.
Bundan tashqari II diviziyadagi ligalarda ham ko’plab jamoalar o’ynaydi. I va II diviziyalar o’rtasida turli chempionat va musobaqalar o’tkaziladi.
Mamlakat milliy terma jamoasi so’nggi yillarda xalqaro maydondagi mavqeini tobora mustahkamlab bormoqda. 1990-yildan beri jamoa jahon chempionatida muntazam qatnashib keladi.
Yoshlar futboli Virjiniya shtatidagi musobaqa misolida
Virjiniya shtatida yashovchi Deniz yetti yoshidan beri futbol bilan shug'ullanadi. Hozir u 12 yoshda, "SYA" jamoasida to'p surmoqda.
"Futbolni yoqtirishimning sababi, uni tomosha qilish maroqli va boshqa sportlarga qaraganda tezkor. Shu bois uni ko'proq yaxshi ko'raman", - deydi u.
"SYA" jamoasida, shunchaki, ko'ngilxushlik uchun o'ynayotgan bolaning o'zi yo'q. Barchasi kelajakda professional futbolchi bo'lishni orzu qiladi.
"Besh yildan keyin o'zingni qayerda ko'rasan", deya so'raymiz jamoaning yana bir vakilidan.
"O'shanda ham futbol o'ynayotgan bo'laman", - deydi u.
Jamoa murabbiysi Mayk Dempsining yosh o'yinchilardan ko'ngli yo'q.
"Umuman olganda, yoshlar futboli bugun yaxshi, hech qachon bunday yaxshi bo'lmagan. 10 yil oldinga qaraganda ko'plab yaxshi o'yinchilar bor", - deydi u.
Ammo xalqaro musobaqalarda yetakchi o'rinni qo'lga kiritish imkoniyati AQSh uchun hanuz orzuligicha qolmoqda.
Futbol bo'yicha AQSh milliy terma jamoasi 1950-yildan 1990-yilgacha, uzluksiz 40 yil davomida jahon chempionatiga chiqa olmagan. Faqat oxirgi yillarga kelibgina mintaqaviy chempionatlarda, xususan, jahon kubogi o'yinlarida yaxshiroq natija qayd eta boshladi. So'nggi yillarda yoshlar orasida futbolga qiziqishning kuchayishi natijasi bu, deydi Dempsi.
"Akademiyalarimiz bor, hali bosib o'tiladigan yo'l ko'p. Lekin umuman aytganda, AQShda futbol mavqei bugun yaxshi, chunki ancha yillardan beri o'yinchilarni tarbiyalab kelyapmiz, ishlarni to'g'ri yo'lga qo'ydik", - deydi u.
Chempion bo'lish uchun bu kifoyami?
"Yevropadan, shubhasiz, hanuz orqadamiz. U yerda professional jamoalar bilan ishlash modellari nazorat qilinadi, bizda esa nazorat yo'q. O'zgarishlarni yoshlar darajasidan boshlashimiz kerak. Har yili o'syapmiz. Ayrim yo'nalishlarda Yevropa modellariga ergashishga harakat qilyapmiz", - deydi yoshlar jamoasi murabbiysi Mayk Dempsi.
"SYA" kabi mahalliy va havaskor jamoalarda to'p tepayotgan bu bolalar ulg'ayib, asta-sekin professional ligalarga qo'shiladi. Bunday jamoalarda doimiy o’yinchilar, maosh oladigan murabbiylar bo’ladi. Kelajak umidli, deydi "SYA" jamoasi menejeri Mark Lokey.
"Kelajakda ko'proq muvaffaqiyat qozonamiz, deb o'ylayman. Klub jamoalari ko'paymoqda. AQShda futbol jamoalari o'sishni boshladi. Kelajak porloq ko'rinyapti", - deydi u.
Bu yoshlar kun kelib AQShning jahon chempioni bo'lishiga ishonadi.
"O'n yildan keyin, balki ikki yildan keyindir. Aniq bilmaymiz, chunki yangi avlodlar hanuz kelyapti. Kelasi ikki yilda kuchli jamoaga ega bo'lishimiz mumkin, undan keyin esa zaifroq. O'yinchilarga bog'liq bu", - deydi Deniz.
Chempion bo'lish uchun nima qilish kerakligini bu bolalar yaxshi biladi
“Ko'proq mashq qilish, individual mahoratlar ustida ishlash kerak”, - deydi Yama.
Yama va uning do'stlari o'z so'zlarining ustidan chiqmoqda. "SYA" jamoasi bu yil 12 yoshlilar ligasining chempioniga aylandi.
Oradan 10 yil o'tib, 2026-yili AQSh jahon chempionati mezbonligini qo'lga kiritsa, mamlakat milliy terma jamoasi safida shu yigitlar to'p sursa ajab emas.
Facebook Forum