Yulduz Usmonova shubhasiz O'zbekistonning eng yorqin va xushovoz yulduzi. Bu ovoz dunyoning ko'plab mamlakatlarida yangragan va yangrab kelmoqda.
Yulduz Usmonova Amerikada oldin ham konsert bergan. Vatan sog’inchi bilan yashayotgan o’zbekistonliklar va o’zbek musiqasi shinavandalari bu safargi dasturni ham kuchli hayajon bilan kutib oldi.
Yulduz Usmonova Amerikada oldin ham konsert bergan. Vatan sog’inchi bilan yashayotgan o’zbekistonliklar va o’zbek musiqasi shinavandalari bu safargi dasturni ham kuchli hayajon bilan kutib oldi.
Yulduz Usmonova – qayerda yashamasin har bir o’zbekning faxri, qo’shiqlarida xalq dardi va ichki hissiyotlarini ifoda eta oladi, vatanparvarlik uning ehtirosli, qudratli ovozida mujassam…
Yulduz Usmonova ko’nglidagini, gapning po’skallasini ochiq aytadigan inson. Jahongashta yulduz bilan yuzma-yuz suhbatlashish oson emas, albatta, lekin bu imkoniyatga ega bo’lganingizda, uning qanchalik kamtarin ekani dilni yorishtiradi.
Yoshi ellikka yaqinlashgan, 30 yildan beri yulduzlar orasida yulduz bo’lib kelayotgan hofiz konsertdan to’rt soat oldin uchib kelganiga qaramay jonli ovoz bilan kuyladi, maza qilib raqsga tushdi, vatandoshlar bilan qisqa bo’lsa-da gaplashdi, odamlarning duosini oldi.
Bunday dasturlar berish uchun iste’dodning o’zi yetadimi, deya so’raymiz konsert tugab endigina nafasini rostlayotgan Yulduz Usmonovadan:
"Masalliq bo'lib, oshpaz bo'lmasa, masalliq achiydi. Kimdir pishirishi kerakku uni. Shuning uchun san'atkorda g'ayratam bo'lishi kerak, mehnatkashligam bo'lishi kerak. Men o'ylaymanki, qo'liga mikrofon olib ashula aytganning hammasi ham san'atkor emas. Xalqning dardini kuylagan san'atkor".
Amerika muxlisining o'ziga xos taraflari bor, deydi yulduz.
"Amerikaga kelganda bir o'zini yo'qotib olishadi... Hammayoqdan kelgan-ku bu yerga. Man amerikalikman deyolmaydi. Sizlarning hammangizni amerikalik qilib qo'ygan bu yerda davlat, pasport berib. O'zbek kechasi yoki konsert bo'lganida yig'ib olish osonmas. Bugun ko'rdingiz zal to'la. Lekin har doim ham shunday bo'lavermaydi, mening bilishim bo'yicha. Bir xil paytda voy falonchining konsertiga odam kelmabdi, deyishadi. Uyam noto'g'ri narsa. Organizatorlar bir ulguradi, bir ulgurmaydi. San'atkorning hamma joyda muxlisi bor, hamma san'atkorning ham".
Chetda yurgan o'zbekistonliklar vatanni o'ylaydi, deydi xonanda.
"Vatan uchun nimadir qilish kerak... Mana shu yerda yurgan o'zbeklar vatan uchun bir narsa qilayapti. Olma pish, og'zimga tush deb o'tirgani yo'q. Hammasi ishlayapti, qo'ldan kelgan yordamini qilayapti. Qachon 3-4 so'm oylik chiqsa, o'shanda qatiq-non yeymiz deb o'tirgani yo'q... Bu xalq vatan uchun harakat qilgan xalq. Shuning uchun yurt tashqarisida yurganlarning "vatanim" deyishga haqqi bor".
Eski qo’shiqlarini ham, yangi qo’shiqlarini ham tinmay tinglab,Yulduz Usmonova qachon qayerda yana konsert beradi deb so’rayotgan yurtdoshlar, millionlab muxlislarga uning ezgu tilaklari bisyor.
"Nyu-Yorkdan turib hammaga birinchidan sog'liq-salomatlik tilayman. O'zlarini ehtiyot qilishsin... Hali aytganimdek, odamlar o'ziga o'zi ertak yozadi. O'zini o'zi siqadi. Aslida inson qorniga emas, qimmatiga yig'laydi. O'zbekistonda yashab yursam bo'lardi-ku endi bunaqada, deydi. Lekin chiqishni xohlab chiqqan har bitta odam, vatandan chiqqanda. Shuning uchun, man aytamanki, hamma qilgan ishi, har bir bosgan qadamiga shukur qilib, yana hayotda davom etishsin. Eng keragi shu... Har bir daqiqadan lazzat olish kerak. Har bitta onga biz shukur qilishimiz kerak".
El aro va ellar aro shuhrat qozonish, uni saqlab turish, xalqdan rahmat olish qattiq mehnat, tirishqoqlik, o’zingizga nisbatan va muxlislarga nisbatan sodiqlik, kuchli iroda talab qiladi.
O’z faoliyati davomida ko’plab o’nqir-cho’nqir yo’llarni bosib o’tgan, ba’zan qoqilgan, ba’zan charaqlab ko’zni qamashtirgan xonanda uchun eng bebaho narsa bu uning O’zbekistoni, ona zamin va uni mana shunday mashhur yulduzga aylantirgan xalq. Buning isboti esa uning o’lmas, unutilmas qo’shiqlarida…