Barak Obama prezidentlik davrida Vashington bilan ishlay olmagan Turkiya hukumati AQShning yangi rahbari bilan hamkorlikka ko’z tikkan.
Turkiyada davlat nazorati ostidagi axborot vositalari Donald Tramp inauguratsiyasini ijobiy ruhda yoritdi. Ular ta'rificha, Amerikada o’zgarishlar davri boshlandi.
Turkiya prezidenti matbuot kotibi Ibrohim Kalin deydiki, Prezident Tramp Anqara naqadar muhim davlat ekanini tushunadi.
“Al Monitor” sayti sharhlovchisi Semih Idiz tahlilicha, ikki davlat orasida o’tgan yillar ichida uzilib qolgan siyosiy muloqot qayta yo’lga qo’yilishi uchun jiddiy harakat ketmoqda.
"Tramp Erdog’an bilan yaqindan ishlamoqchi. Anqara uchun bu ayni muddao. Dushmanlar bir. Tahdid manbalari bir. Tomonlar kelisha olishi kerak”.
Bosh vazir Binali Yildirim o’tgan hafta Vashingtondan aynan nima kutilayotgani haqida nutq qildi. Avvalo, Oq uy AQShda yashovchi Fethulla Gulen, Erdog’anning siyosiy raqibini Turkiyaga topshirishi kerak. Erdog’an Gulenni uni hokimiyatdan ag’darishga urinayotganlikda ayblab keladi.
Ikkinchidan, Amerika Suriyada kurdlarni quvvatlashni bas qilishi lozim. PYD deb nomlangan jangari guruh “Islomiy davlat” bilan olishmoqda. Biroq Anqara uni Turkiyada hukumatga qarshi kuchlar ortida turganlikda ayblaydi.
Tahlilchi Atilla Yesilada nazarida esa Anqara ko’p narsa kutmasligi kerak.
“Gulenning taqdirini Prezident Tramp emas, AQSh adliya tizimi hal etadi. U esa mustaqil. Suriyadagi kurdlar esa g’alaba keltirmoqda. AQSh nima uchun ularni quvvatlamasligi kerak? Davlat kotibi Reks Tillerson kurd jangarilarini ishonchli hamkorlar deb ataydi. U, shuningdek, Turkiyaning hamkori “Musulmon birodarlar”ni dushman deb biladi”, - deya tushuntiradi Yesilada, vaziyat qanchalik murakkab ekaniga e’tibor qaratar ekan.
Siyosiy sharhlovchi Semih Idiz esa aloqalar baribir ijobiy tomonga yo’naladi, deydi.
"Tomonlar hech qachon bir-biridan to’liq rozi bo’lmaydi. Rishtalar hamisha murakkab. Lekin Tramp prezidentlikka kelishi bilan kayfiyat, qarashlar va muhit yangilanadi. Taraflar bir-biri bilan topishishga urinadi", - deydi Idiz.
AQSh Isroilga nisbatan qanday siyosat yuritishi ham Turkiya bilan aloqalarda muhim rol o’ynaydi. Vashington yahudiy davlat poytaxti Quddusga ko’chsin deb chiqsa, Anqara bunga keskin qarshi bo’ladi.
Arab yerlarida yahudiy aholi uchun yangi uy-joy qurilayotgani ham Turkiya tomonidan qoralab kelinadi. Tramp bu qurilishlarni yoqlashda davom etsa, Erdog’an to’nini teskari kiyishi tayin, deydi siyosatdonlar.