Xitoy hukumati Shinjon viloyatida uyg'urlarning farzandlariga musulmoncha ism berishni cheklamoqda. Xususan Muhammad va shu singari diniy kelib chiqishga ega nomlar man etilmoqda.
Pekin azaldan uyg'urlar hayotini nazorat qilib keladi. Bu elat vakillarining aytishicha, hukumat ularga tahdid sifatida qaraydi, chunki, biladiki, cheklovlar sabab uyg'urlar markaziy hukumatdan bag'oyat norozi. Bunday kayfiyat elatlararo munosabatlarni ham buzmoqda.
Jihod, Madina, Yultuzoy kabi ismlar qo'yishga ruxsat yo'q, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan faollar. Qariyb 30 ism taqiqlangan.
Man etilgan ismlar qo'yilgan bolalarga hukumat yordam ko'rsatmaydi, ularni ijtimoiy himoya bilan ta'minlamaydi va hatto, ularni fuqaro sifatida tan olmasligi mumkin.
Bu masalani o'rganib kelayotgan olimlar tahlilicha, hukumat uyg'ur bo'lish nima ekanini oydinlashtirishga urinmoqda. Lekin bu va boshqa taqiqlar mazkur elat vakillarini davlatdan uzoqlashtirmoqda, radikalizmni avj oldirmoqda, qo'rqinchni chuqurlashtirmoqda.
Xitoyning Shinjon viloyatida 24 millionga yaqin aholi yashaydi. Ularning yarmi uyg'urlar.
1-apreldan binoan Shinjon viloyatida soqol qo'yish va hijobda yurish ham man etilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Germaniyada asoslangan Jahon uyg'urlari kengashi nazarida bu choralar odamlarni mutaassiblikka yetaklamoqda.
Uyg'urlar u qadar dindor bo'lmasa ham ko'plab hollarda davlatga qarshilik sifatida man etilgan yo'llardan bormoqda, ayniqsa, yoshlar, deydi mahalliy sharhlovchilar.
Uyg'urlarni islomdan yiroqlashtirishga harakat qilayotgan hukumat aslida ularni radikalizm tomon yo'naltirmoqda.
Ayrim uyg'urlar ta'biricha, Pekinning maqsadi ularni terrorist deya tamg'alab, qamash, qatl etish yoki ovozini butkul o'chirishdir.
Pekin esa bu da'volarni safsata deb hisoblaydi. Uyg'urlar farovon va erkin hayot kechirmoqda, deydi rasmiylar.
Uyg'urlar ona yurtini Sharqiy Turkiston deb atasa, xitoylar uni Shinjon deya tanishtiradi. Bu boradagi madaniy va ijtimoiy taranglik ham kuchli.
Xitoy bo'ylab uyg'urlar nomi har kuni bulg'anadi, deydi etnolog olim Chang Chung-fu, Tayvandan Milliy Chengchi universiteti professori.
“Bu elat terroristlarni yetishtiradigan, taraqqiyot va iqtisodiy imkoniyatlarga shukur qilmaydigan, avlodlar miyasini ataylab hukumatga qarshi zaharlayotgan jamoa sifatida tasvirlanadi",- deydi ekspert.
Xitoy uzoq muddatli tinchlikni ko'zlasa, bu elatni ezishni bas qilib, uni o'z jamiyatining to'laqonli qismi deb tan olishi zarur, deydi Chang.
Millatchilik bu mamlakatda azaldan keng tarqalgan. Ijtimoiy tarmoqlarda uyg'urlarga nisbatan nafratomuz munosabat quloch yozgan. Uyg'urlar ham javob berib turadi, biroq xitoylar bilan bellashish juda qiyin, chunki ular nihoyatda ko'p. Uyg'urlarni yakkalashga ham zo'r berilmoqda. Ularning huquqlarini buzgan, ularni haqorat qilgan va ularga bosim ko'rsatgan tomonlar odatda qonun oldida javob bermaydi.