Bir zamonlar qora tanli qullar bozori bo’lgan joy bugun ochiq muzey. Qullar 1863-yildan boshlab qo’yib yuborilgan. Ayrimlar bosh olib ketgan. Boshqalar esa shu yerda ildiz ota boshlagan.
Jonatan Strit degan ko’cha - Merilend shtatining Xegerstaun shaharchasi yuragi. Bir asrdan oshibdiki, ziyoratgoh.
Jonatan Strit qullarga erkinlik berilgan davrlardan boshlab biznes markaziga aylangan. Salonlar va restoranlar ochilgan.
“Bu yerda Harmon mehmonxonasi bo’lgan. Afro-amerikaliklar qatnagan dargoh. Xegerstaun shahriga kelgan qora tanli bu mehmonxonada albatta to’xtab o’tgan. Tina Terner, Uilli Meyz singari mashhur odamlar kelib turgan”, - deydi Alesiya Makbin, bu ko’cha tarixini tiklab, uning qadri uchun kurashayotgan faollardan.
Qullar olib kelingan, pullangan va azobli hayotga mahkum etilgan hududda keyinchalik ularning e’tiqodi va madaniyati ham ravnaq topgan. Erkinlik uchun harakat ham shu yerda boshlangan.
Alesiya Makbin bu shaharda qora tanlilar tarixi muzeyini ochmoqchi. Shu bahonada turli eksponatlar ham to’planadi. Makbinning qo’lida hozir 4500 material bor. Oldingi muzey buzilib ketgan. Lekin jonkuyar fuqarolar yordamida tarixiy ashyolar saqlab qolingan.
“1974-yilda bir muzey ochishgan lekin uni yuritish uchun mablag’ yetmay faoliyati to’xtab qolgan. Mahalliy hukumat ham e’tibor qaratmagan. Xegerstaun shahridan bo’lsangiz, bu juda achinarli holat”, - deydi Makbin.
Shaharda yangi muzey uchun hali ham mablag’ yo’q. Yangi imorat uchun sarmoya zarur. Lekin Jonatan Stritdek tarixiy obida uchun pul berishga tayyor fuqarolar bor. Ular bilan ishlash kerak, deydi faollar.
“Bu faqat qora tanlilar emas, butun yurtimizning muzeyi bo’ladi. Qulchilik zamoni va undan keyingi tahlikali davrlar haqida bilishimiz zarur. O’tmishni bilmasak, kelajakni qanday quramiz”? – deya so’raydi Herman Deyvis ismli amerikalik.
Amerikaning bu qismlarida qora tanlilar ancha oyoqqa turib olgan. Ajdodlari boshdan kechirgan kunlardan darak beruvchi va tarixni ardoqlovchi obidalar uchun sarmoya ulardan kelishi kutilmoqda.