Afg'oniston sobiq prezidenti Hamid Karzay "Amerika Ovozi" bilan suhbatda AQShdan qanchalik norozi ekanini bildirdi. Prezident Donald Tramp Pokistonga keskin talablar qo'yayotgani ijobiy o'zgarish, deydi u, lekin Vashington-Islomobod baribir pinhona hamkorlik qilib, Afg'oniston xalqi tinchligini buzaveradi.
O'tgan 16 yildan beri afg'onlar Amerikaga Pokistondan nolib keladi. Tolibon va boshqa jangari guruhlarni Pokiston maxfiy xizmatlari quvvatlaydi. Lekin AQSh bizning nolalarimizga ko'z yumib keldi. Tramp qattiq gapirmoqda. Lekin qon to'kilishlar tinmagan. Terror davom etmoqda", - deydi Karzay.
Tramp Amerika qo'shinlari qachon bu mamlakatni tark etishini oldindan belgilamoqchi emas. Afg'oniston hamon terrorga qarshi kurashning asosiy maydoni, deydi u.
Karzay bunday qarashni qoralamoqda.
“Yetar endi... Yana qancha payt bizni o'yinchoq qilib o'ynaysiz. Amerika va Pokiston bizni bo'lishga, hukumatimizni tarqoqlashtirishga urinib keladi. Bizga kuchli markaziy hukumat kerak", - deydi Karzay.
Vashingtonda ham shu gapni eshitasiz. Oq uy Kobuldagi hukumatni har jihatdan quvvatlashda davom etmoqchi.
“Afg'onistonda tinchlik bo'lsin desangiz, Pokiston maxfiy xizmatlarini quriting", - deydi Karzay. "Pokiston armiyasini to'xtating. Afg'onlarni qirayotganlar shular. Pokistonga pul bermang. Sanksiya qo'ying ularga. Ana shunda biz sizga ishonamiz".
Karzay fikricha, Tramp undan oldingi prezidentlar singari safsataboz. Gapni qoyillatadi lekin amalda eski siyosatni davom ettiraveradi.
Pokiston harbiy kuchlarini moliyaviy qudratdan ayirish kerak, deydi Karzay.
"Pokiston generallari Vashington va Londonda hashamatli uylarda yashaydi. Amerika bilan biznes qiladi. Vatanda esa qo'shnining qonini ichadi. Ular Osiyoda emas, aynan G'arbda dabdabali hayoti kechirmoqda. Amerika buni bilmaydimi, albatta biladi".
Karzay prezidentligi davrida Amerikaning o'sha paytdagi rahbari Barak Obama bilan til topisha olmagan. Vashington nazarida Karzay, bir paytlar amerikaparast va liberal qarashga ega yetakchi bo'lgan bo'lsa-da, hokimiyatga kelgach murosani unutgan, subutsiz rahbar edi. Murakkab rishtalar ko'plab hujjatlar va memuarlarda aksini topgan.
Hozirgi Oq uy Karzayga Afg'onistondagi muhim siyosatchi deb qaramaydi lekin sobiq prezident sifatida xalq orasida o'z nufuziga ega ekanini tan oladi.