Tolibon bahorgi hujumlar mavsumini boshladi

  • Amerika Ovozi

Tolibon vakillari

Tolibon Afg'onistonda bahorgi hujumlar mavsumi boshlanganini e'lon qildi. Bu esa tinchlikka erishish umidida olib borilgan bir necha haftalik harakatlarga zarba bo'lgani aytilmoqda.

Shu yil 20-oktabr kuni parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi.

Tolibon esa 25-aprel kuni "Handaq" deb atalgan hujum amaliyoti boshlanganini e'lon qildi. "Amerikalik bosqinchilar va ularning agentlari asosiy nishon bo'ladi", - deyiladi isyonchi guruh bayonotida.

Bu xabar Afg'oniston Prezidenti Ashraf G'ani Tolibonga siyosiy partiya sifatida ro'yxatdan o'tish taklifini berishidan bir necha hafta o'tib paydo bo'ldi.

G'anining taklifi mahalliy va xalqaro miqyosda olqishlar bilan kutib olindi. Tolibonning bu da'vatni sukunat bilan qabul qilishi uning munosabati ijobiy ekanini ko'rsatadi, degan talqinlar ham bo'ldi.

Tolibonga ko'ra, mamlakat hanuz xorijlik kuchlar bosqini ostida va bu qarshi hujumlarni amalga oshirish uchun asos beradi.

Guruhning da'vo qilishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan minglab qo'shimcha tashqi kuchlar Afg'onistonga olib kirilmoqda va ularga yangi qirg'in qurollari hamda keng harbiy vakolatlar berilmoqda.

Tramp o'tgan yili avgust oyida Afg'oniston bo'yicha yangi strategiyasini e'lon qilib, mintaqaga qo'shimcha askarlar yuborilishini aytgan edi.

AQSh qo'mondonlari mamlakatdagi harbiy amaliyotlar muvaffaqiyatli kechayotganini aytadi, ammo Tolibon shunga yarasha qarshi hujumlarni ham kuchaytirib bormoqda.

Ayni paytda isyonchi guruh Afg'onistonning 44 foizdan ortiq hududini nazorat qilishi aytiladi.

Saylovlar

Shu oy boshida Afg'oniston mustaqil saylov komissiyasi oktabrda bo'ladigan parlament va mahalliy kengash saylovlari uchun ovoz beruvchilarni ro'yxatga olishni boshladi. Saylovchilar xavfsizligi uchun eng katta tahdid isyonchi guruhlarning hujumi ekani aytiladi.

Tolibon amerikalik "bosqinchilar" nazoratida o'tadigan demokratik jarayonni inkor etadi va fuqarolarni saylovni boykot qilishga chaqirib keladi.

BMT ma'lumotiga ko'ra, Afg'onistondagi ixtilofda hanuz asosiy qurbonlar tinch aholi vakillari bo'lib, 2018-yilning dastlabki uch oyida 2260 odam halok bo'lgan. O'tgan yili esa jami 10 mingdan ortiq oddiy fuqaro o'lgan.

Pokiston bilan ziddiyatlar

Tolibonning yangi hujumlarni boshlashi Kobulning Pokiston bilan mavjud ziddiyatlarini yanada kuchaytirishi kutilyapti. Afg'oniston va AQSh razvedkachilarining aytishicha, Islomobod uzoq yillardan beri isyonchi kuchlarga o'z hududidan boshpana berib keladi. Pokiston bu da'volarni inkor etadi.

Tramp shu yil boshida terrorchi guruhlarga qarshi kurashni kuchaytirmaguncha Pokistonga harbiy yordam berish to'xtatilganini e'lon qilgan edi.