O'zbekistonda “to’y korteji” bilan bog’liq mojaro davom etmoqda. Yoshlar tanqidi ostida qolgan "Yoshlar ittifoqi" rahbari iste'fo berish haqidagi talablarga sukut saqlamoqda.
Senator Qahramon Quronboyevni iste’foga chiqarish talabiga matbuot ham qo’shilgan. Davlat maslahatchisidan yoshlardan uzr so’ragan holda “joyni bo’shatib qo’yish” talab qilinmoqda. Vodiyga safari davomida “to’y korteji”ni to'xtatib, kelin-kuyovni taksiga chiqarib yuborganini da'vo qilgan Quronboyev yoshlarning shaxsiy hayotiga aralashishda, o’z vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Uning bu xatti-harakati keskin bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. O’zbekistonlik yoshlar tomonidan norozilik bilan kutib olindi.
Qahramon Quronboyevga nisbatan dastlab ijtimoiy tarmoqlarda avj olgan norozilik kompaniyasiga matbuot ham qo’shildi. “Kun.uz”nashri Quronboyevni iste'foga chaqiruvchi maqola chop etdi.
Unda “Yoshlar Ittifoqi” rahbari shaxs huquqlarini keskin toptashda, yoshlarning shaxsiy hayotiga aralashishda ayblanadi.
“Janob Quronboyev! Yoshlar sizni yomon ko’rib qoldi, siz yoshlarni tarbiyalay olmaysiz, siz bunday yo’l bilan tartib o’rnata olmaysiz, endi faqat bir yo’l qoldi - qonunlarni hurmat qilgan holda, o’zbekistonlik soliq to’lovchilardan uzr so’rab, joyni bo’shatib qo’yish”, deyiladi bu maqolada.
Quronboyevga nisbatan jamoatchilikdagi norozilik uning “Kun.uz” nashriga voqea yuzasidan bergan izohidan so’ng yanada kengroq ko’rinish oldi. Unda Quronboyev norozilikka sabab bo’lgan o’z harakati yuzasidan biror taassuf bildirmaydi, aksincha, ko’plar bu voqeani noto’g’ri talqin qilayotgani haqida gapiradi.
“...kelin- kuyovlarimizni moshinasini, kelayotgan joyda, ularni hurmatini joyiga qo’yib, ularga tushuntirib, yo’lda davom etdim men...”, - deydi bu intervyuda Quronboyev imkon qadar kelin-kuyovni qanday qilib taksiga o’tqazib jo’natgani haqidagi tafsilotlardan qochib.
Jamoatchilikda boshlangan norozilik esa aynan shunga, ittifoq raisi o’z to’yini o’tkazayotgan kelin-kuyovning “kortej”ini to’xtatib, ularni taksiga o’tqazib uyiga jo’natganini dabdabali to’ylarga qarshi kurash tashabbusi sifatida taqdim etgani bilan bog’liq edi.
Kun.uz nashri jurnalisti, Quronboyevning iste’fosi talab qilingan maqola muallifi Aziz Qarshiyevning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Qahramon Quronboyev voqea matbuotda yoritilishi, ijtimoiy tarmoqlarda munozara qo’zg’ashi ortidan tashkilot rasmiy bayonot tarqatishga, jamoatchilikdan rasman uzr so’rashga va’da bergan.
Hozirgacha “Yoshlar Ittifoqi” mojaro yuzasidan biror rasmiy bayonot tarqatgani yo’q, harakatning rasmiy sahifasida aloqa uchun ko’rsatilgan telefon raqamlari bilan bog’lanish imkonsiz, javob berilmaydi.
Ijtimoiy tarmoqda esa “Yoshlar ittifoqi”, tashkilot rahbari Quronboyevning tashabbuslari bilan bog’liq munozaralar davom etmoqda.
Bir yil muqaddam “Kamolot” harakati o’rnida tashkil etilgan “Yoshlar ittifoqi” sobiq ittifoq davridagi Komsomolga qiyoslanmoqda. Yoshlar turli ittifoqlarga kirishdan charchagani aytilib, umuman, yoshlarga qanday bo’lish, qanday bo’lmaslikni tavsiya qiluvchi tashkilotlarga qanchalik zaruriyat borligi savol ostiga olinmoqda.