Afg'oniston Mudofaa vazirligining xabar berishicha, Tolibon va Afg'oniston xavfsizlik kuchlari o'rtasidagi uch kunlik sulh tugashi bilan isyonchi guruh 9 viloyatda harbiy amaliyotlarni boshlagan. General Muhammad Radmanishga ko'ra, xavfsizlik kuchlari guruhning hujumlarini qaytargan.
Your browser doesn’t support HTML5
Afg’oniston hukumati 12-iyundan 18-iyungachaga Tolibonga qarshi barcha harbiy harakatlarni to’xtatishga qaror qilgan edi.Tolibon sulhning uch kuniga rioya qilishini bildirib, a'zolariga Ramazon hayiti kunlarida afg’on harbiylariga qarshi hujumlarni to’xtatishni buyurgan. Ammo uch kunlik sulhning so'nggi kuni Jalolobodda ro'y bergan xurujda kamida 19 fuqaro halok bo'lgan, yana 65 odam jarohatlangan.
Hukumat sulh kunlarida toliblar shaharlarga safar qilishi mumkinligini e’lon qilganidan keyin harakat a’zolari hukumat nazoratidagi hududlarga borib, afg’on harbiylari bilan uchrashgan, ayrim shaharlarda hayit namozini birgalikda o’qishgan.
Toliblar Nangarhor, Bag’lon, Zobul, Qunduz, Lag’mon, Taxor, Sari pul, Faryob, Doykundi va hatto poytaxt Kobulga kirib borgan. Harbiylar va oddiy aholi bilan suratga tushishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayrim suratlardan Ichki ishlar vaziri Vays Barmakning poytaxtda toliblar bilan uchrashganini bilsa bo’ladi.
Har ikki tomon ham muxolifat nazoratidagi hududlarga bordi-keldi qilmoqda. Zo’ravonlik xavfi sababli odatda ko’chaga chiqa olmaydigan aholi bayramni xotirjamlik bilan nishonlagan. Hayot normal holatga qaytgandek.
Urushdan charchagan afg’onlar vaqtinchalik sulh doimiy jarayonga aylanishini istaydi. Prezident G’ani o’z chiqishlarida sulh davomli bo’lishini ta’kidlamoqda.
“Xalqaro hamjamiyat, xususan, Amerika Qo’shma Shtatlari, NATO, Islomiy konferensiya tashkiloti, Britaniya, Shanxay hamkorlik tashkiloti vaqtinchalik sulh qarorimizni olqishlagani uchun minnatdorlik bildiramiz. Tolibon rahbariyatiga shuni aytmoqchimanki, haqiqiy va doimiy sulh uchun xalq istaklariga javob bersin. Milliy va islomiy qadriyatlarga asoslangan holda ulamolarning so’nggi taklifiga tayyorgarlik ko’rishsin”,- dedi Ashraf G’ani.
Davlat rahbari otashkesim muddati cho’zilishiga ishonch bildirdi.
“Vaqtinchalik sulhning uzaytirilishi borasida keyinroq batafsil ma’lumot beriladi”, - dedi G’ani.
Tolibon ham hukumat bilan erishilgan muvaqqat sulhni uzaytirish tarafdori.
“Biz tinchlikni istaymiz. Vatanimizda sulh bo’lishini xohlaymiz”, - deydi toliblardan biri.
Oddiy xalq vaziyatdan mamnun.
“Men Ramazon hayitidan ko’ra kuchga kirgan vaqtinchlik sulhdan ko’proq xursandman”, - deydi fuqarolardan biri.
Bu orada Hilmand sulh karvoni Kobulga yetib keldi. 37 kun avval Hilmand viloyatining markazi Lashkarga shahridan boshlangan tinchlik marshi 700 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tgan. 7 faol ishtirokida boshlangan yurish Kobulga yetib kelganda marsh ishtirokchilari soni 100 kishidan oshgan. Tashkilotchilar tadbirdan maqsad tinchlikni targ'ib etish va urushayotgan tomonlarni tinchlik sulhiga taklif qilish ekanini aytmoqda.