Tramp: AQSh qochqinlar lageri emas va bo'lmaydi ham

AQSh rahbari Donald Tramp noqonuniy immigratsiyaga qarshi keskin choralar ko’rish qarorida qat’iy. Meksika bilan chegarada kamida 2000 bola ota-onasidan ajratib olingan. Hozirga kelib bu siyosat sal yumshagandek, lekin hech kim bu davlatga hujjatsiz kirmaydi, deydi prezident. Bolalarning ajratilishicha qarshilik kuchayib, Oq uy qarorini o'zgartirishga majbur bo'ldi. Tramp buni tan olmaydi.

Ota-onalar AQSh sarhadiga hech qanday asossiz kirishga urinar ekan, nima uchun bunga toqat qilish kerak, deya so’raydi Prezident Tramp. Bolalar alohida.

“Bu Texas emas. Bu men bilgan Amerika emas”, - deydi Dora ismli texaslik.

Tramp ma’muriyati "chegaradagi keldindilarni" vataniga qaytarmoqchi. Farzandlarini bahona qilib, Amerikaga kirishiga yo’l qo’yilmaydi, deydi prezident. Biroq ko’plab odamlar boshpana so’ramoqda.

Trampning esa javobi salbiy.

“AQSh migrantlar lageri emas va bo’lmaydi ham. Biz qochqinlar makoni emasmiz. Boshpana emasmiz".

Bolalarni ajratib olishning sababi shuki, deydi rasmiylar, ota-onalar ularni ro’kach qilib, boshpana olmoqchi. Yosh avlod taqdiri alohida ko’riladi. Ularga barcha zarur narsalar berilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh-Meksika chegarasida vaziyat og'ir

Jeff Seshns, Adliya vaziri:

“Bolang bo’lsa, kirar ekansan, deb kelayotganlarning soni 14 mingdan 75 mingga chiqdi. Bunga yo’l qo’ymaymiz. Siz noqonuniy ravishda mamlakatimizga kirmoqchisiz va bolangizni bahona qilib, hujjat olmoqchisiz. Qonunlar buning uchun xizmat qilmaydi. Tartib o’rnatayapmiz”.

Bu muammolarda aslida demokratlar aybdor, deydi respublikachi prezident. Immigratsiya tizimini tubdan isloh qilish qonunlarni yangilashni talab qiladi va asosiy ish Kongressning zimmasida, deydi Tramp. Biroq qonunchilar, har ikki partiya vakillari, Oq uyni egri siyosatda qoralamoqda.

Respublikachi senator Ben Sass fikricha, Amerika o’ziga yarashmaydigan ish qilmoqda.

“Ota-onalarni bolalaridan ajtarib, nima qilmoqchimiz? Bu faqat zarar, har tomonlama. Ularning ishini ko’rib chiqar ekanmiz, oilalarni bunday azoblamaslik zarur”.

Senatda demokratlar Tramp tutgan yo’lga qarshi qonun loyihasi ishlab chiqqan. Respublikachilar esa Vakillar palatasida ikki loyihani tanishtirib, immigratsiya tizimini takommillashtirmoqchi va chegara xavfsizligini kuchaytirmoqchi. Biroq bu takliflarning birortasi ovozdan o’tmasligi mumkin.