Qirg’izistonlik futbol hakami Bahodir Qo’chqorov o’zbekistonlik hamkasbi Ravshan Ermatov bilan futbol bo’yicha Olimpiya o’yinlari, bir necha dunyo va Osiyo chempionatlari, Chempionlar Ligasi kabi qator nufuzli musobaqalarda hakamlik qilgan. Taniqli mutaxassis bu gal Rossiyada bo'layotgan jahon chempionati o’yinlarini tomoshabin o’rindig’idan kuzatib bormoqda.
“Amerika ovozi” Bahodir Qo’chqorov bilan suhbatda bo’lib, joriy Jahon birinchiligining o'ziga xos jihatlari, zamonaviy futbol boshdan kechirayotgan o'zgarish va muammolar, kutilayotgan natijalar borasida o’y-fikrlarini yozib oldi.
Your browser doesn’t support HTML5
Chempionat uchun chiqarilgan biletlar kutilgan darajada sotilmagani haqidagi xabar markaziy osiyolik ishqibozlar tomonidan xushxabar sifatida qabul qilingan. Ayrim mamlakatlarga ajratilgan va to’la-to’kis olinmagan chiptalarning erkin savdoga chiqarilishi narxlarni ancha tushirdi. Oqibatda, aytaylik, chempionat arafasida 500 AQSh dollari turgan biletni atigi 100 dollarga olish mumkin, deyilmoqda. Aytishlaricha, oxirgi ikki-uch kun ichida bu qulay imkoniyatdan Rossiyada ishlab yurgan ko'plab muhojirlar, xususan, qirg’izistonliklar foydalangan.
“Sport, jumladan, futbol, siyosat va dinga aralashmaydi. Rossiya sha’niga har-xil gaplar aytib kelinishidan qat’i nazar, ushbu o’lka Jahon birinchiligini oliy darajada uyushtirganini FIFA rahbariyati ham, ishtirokchilar va ishqibozlar ham tan olmoqda, - deydi Bahodir Qo’chqorov. - O’yinlar o’tkazilayotgan shaharlarni bog’lab turuvchi bepul tezyurar poyezdlar, har qadamda mehmonlarga xizmatga shay ko’p ming sonli ko’ngillilar, narxlarni ko’tarmay bir xilda ushlab turgan maishiy xizmat korxonalari, serjilo madaniy dasturlar, samarali xavfsizlik choralari; xolis fikrim, bunaqasini men eslolmayman”.
Joriy chempionatga kiritilgan texnik yangilik - videoqaytaruv - haqida gapirar ekan, suhbatdosh ushbu eksperiment o’yinlar oxirida tahlil qilinishi, so’ng doimiy amalda qo’llanish-qo’llanilmasligi ravshan bo’lishini ta’kidlaydi.
“Zamonaviy futbol tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Hakamlik san’ati ham bir joyda turgani yo’q”, - deydi Bahodir Qo’chqorov.
Hamkasbi Ravshan Ermatovni u dunyoning eng mohir hakamlaridan biri, deb hisoblaydi.
“Ravshan eng mas’uliyatli matchlarni boshqarishga qodir. Unga final o’yinini olib borishni topshirsa ham bo’ladi”, - deydi suhbatdosh.
Uningcha, bu galgi chempionatning g’oliblari qatorida Janubiy Amerika futboli - Braziliya va Argentina bo’lishi ehtimoldan xoli emas.
Amaldagi FIFA hakami Bahodir Qo’chqorov hozirda Qirg’izistonning O'sh viloyati futbol maktabida direktor bo’lib faoliyat yuritmoqda. Hakamlar maktabida mashg’ulot ham yuritadi. Undan tashqari, futbol jamg’armasini ochgan.
“Maqsadimiz joylarda millionlar o’yini bo’lmish futbolni rivojlantirish, iste’dodli yoshlarga ko’mak ko’rsatish”, - deydi u.
Ushbu mutaxassis fikricha, Markaziy Osiyoda futbol taraqqiyoti ko’p jihatdan davlat rahbarlari hamda davlat tizimlarining xohish-irodasi, harakatlariga bog’liq.
“Mustaqillik yillari Qirg’izistonda xususiy futbol maydonlari ancha ko’paydi, ular faqat pulli xizmat ko’rsatadi. Davlat tarafidan esa shu paytgacha birorta yirik zamonaviy sport majmuasi barpo etilmadi, mutaxassislarga ham e’tibor yetarlicha emas”, - deydi suhbatdosh.