Dunyo bo'ylab millionlab futbol ishqibozlarining diqqati Rossiyada bo'lib o'tayotgan Jahon chempionatiga qaratilgan bir paytda, qo'shni Ukraina sharqida so'nggi kunlarda jangovar harakatlar kuchaygani kuzatilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o'tgan hafta Ukraina rahbari Petro Poroshenko bilan telefon orqali gaplashdi. Minsk tinchlik sulhi shartlarini to'liq amalga oshirish bo'yicha tomonlar o'rtasida hamon yakdillik yo'q.
Rossiyaparast isyonchilar nazoratidagi Donetsk shahrida mahalliy aholi dunyodagi boshqa ishqibozlar kabi Rossiyadagi Jahon Kubogi o'yinlarini tomosha qilmoqda. Ammo ular urush zonasida yashayotgandek. Kech kirishi bilan favqulodda holat boshlanadi.
"Barda ko'rish ortiq qiziq emas. Undan ko'ra uyda tomosha qilgan yaxshi. Kechki 9 dan keyingi o'yinlarni ko'rsatmayapmiz", - deydi mahalliy bar egasi.
Shahar tashqarisida esa isyonchilar handaq qazimoqda.
"Tinchlikni xohlasangiz, urushga tayyorlaning" degan gap bor", - deydi ulardan biri.
Rostov-Don shahrida yuz minglab futbol ishqibozlari yig'ilgan. Shahardagi stadion urush bo'layotgan hududdan 200 kilometr narida joylashgan.
Rossiya ayni paytda sport olamining diqqat markazida. G'arbiy sarhadlarida esa ixtilof kuchayib bormoqda. Kuzatuvchilarning aytishicha, har oy tinchlik sulhining o'n minglab buzilish hollari qayd etilmoqda.
"Masalan, o'tgan hafta 7400 dan ortiq qoida buzilishlari kuzatildi. Bir hafta oldingiga qaraganda 20 foiz o'sish bu. Ko'p hollarda og'ir qurollar ishlatilgan", - deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchisi Aleksandr Xug.
Xalqaro monitoring guruhiga ko'ra, qoida buzilishlari har ikki tomonda kuzatilmoqda.
15-iyun kuni YXHTning kuzatuv droniga qarshi hatto raketa otishdi.
"Bu narsa sodir bo'layotganining bir sababi bor. Guruhimizni to'sayotganlar, texnologiyalarimizga aralashayotganlar yuz berayotgan faktlarni bilishimizni xohlashmaydi", - deydi Xug.
2015-yilda imzolangan Minsk sulhining buzilishi odatiy holga aylangan. BMT tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish bo'yicha Rossiya, Ukraina, Germaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari o'tkazgan muzokara natijasiz tugadi.
"Ularning vakolati qanday bo'ladi, qanday tashkil etiladi va qaysi hududlar ustidan nazorat o'rnatadi? Bu haqda hanuz kelishuv yo'q", - deydi Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas.
Shu masalalar hal qilinmaguncha, Ukrainada zo'ravonliklar davom etadi. Rossiya futbol bayramini nishonlar ekan, u qo'llayotgan isyonchilar urushga hozirlanmoqda.