Afg'onistonning shimoliy viloyatlarida davom etayotgan norozilik namoyishlari kun sayin kengayib bormoqda. Bugun Fariyob, Sari pul, Juzjon, Balx, Taxor, Samangon kabi viloyatlarda o’n minglab odamlar Nizomiddin Qaysoriyning ozod etilishini hamda Vitse-prezident general Abdul Rashid Do’stumning vatanga qaytishini talab qilgan.
“Ashraf G’aniga o’lim” shiori bilan ko’chaga chiqqan aholi 2-iyul kuni hibsga olingan Qaysor tumani politsiyasi boshlig’i Nizomiddin Qaysoriy hamda Turkiyada quvg’inlikda hayot kechirayotgan Vitse-prezident general Abdul Rashid Do’stumning vatanga qaytishi uchun ruxsat berilishini so’ramoqda.
Norozi namoyishchilar “Agar Qaysoriy ozod etilmasa, general Do’stum vatanga qaytmasa, bizning norozi namoyishlarimiz davom etadi”, deya aytmoqda.
Namoyishlar davom etar ekan, Turkmaniston bilan chegarada joylashgan Oqina tijorat porti to’sib qo’yilgan, do’konlar va davlat idoralari yopiq.
Your browser doesn’t support HTML5
“Ey qavmlar, har kuni o’lmaylik, bir kun o’laylik… bugun Nizomiddin Qaysoriy qo’lga olingan bo’lsa, yana mingta Qaysoriy chiqadi. Partiya va uning rahbari maqsadlarini davom ettiradi”,- deydi namoyish mas'ullaridan biri Mavlaviy Abdulhay Hayot.
Hukumat hanuzgacha namoyishchilar istaklariga ijobiy javob qaytarmagan. Rasmiylarga ko’ra, Qaysoriyga qarshi ochilgan da’vo bosh prokuraturaga yuborilgan.