Pompeo: Diniy erkinlik bo'yicha O'zbekistondagi o'zgarishlarni olqishlaymiz

Davlat kotibi Mayk Pompeo diniy erkinlik bo'yicha Vashingtonda o'tkazilgan uch kunlik konferensiyada, 26-iyul, 2018-yil.

AQSh Davlat departamenti O’zbekistonni hanuz diniy erkinlik bo’yicha tashvishga molik davlatlar qatorida deb hisoblaydi, ammo shu bilan bir qatorda, so’nggi oylarda mamlakatda ijobiy o’zgarishlar kuzatilayotganini ham qayd etmoqda.

Vashingtonda diniy erkinlik bo'yicha o'tkazilgan uch kunlik anjumanda Davlat kotibi Mayk Pompeo ishtirok etib, o'z nutqida O'zbekistonni ham tilga oldi.

"Diniy erkinlik yashnasa, mamlakat ham yashnaydi. Misol uchun, O'zbekiston tobora erkinroq jamiyat sari tashlayotgan qadamlarni olqishlaymiz. Yana ham kengroq diniy erkinlikka ega bo'lish mamlakat uchun, ularning jamiyati va mintaqa uchun davomiy yaxshi ta'sir ko'rsatadi", - dedi davlat kotibi.

Your browser doesn’t support HTML5

O'zbekistonda diniy erkinlik: o'zgarishlar haqiqiymi?

Diniy erkinlik mavzusi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga qilgan safari davomida ham muhokamaga chiqqan edi. Kongress vakillari O’zbekistonni diniy siyosat borasida islohotlar o’tkazishga chaqirib keladi.

Yaqinda Kongressda Markaziy Osiyo bo’yicha o’tgan tinglovda ham O’zbekistondagi o’zgarishlar, jumladan, dindorlardan iborat “qora ro’yxat” yo’qotilgani ijobiy qadamlar sirasida ta’kidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan diniy e’tiqodi uchun qamoqqa tashlangan yoki huquq-tartibot organlari tomonidan alohida nazoratga olingan dindorlarga nisbatan afv e’lon qildi.

Bu afv diniy ekstremizmda ayblanib, qidiruvga berilgan, jinoiy javobgarlik va tazyiqlardan qochib xorijga chiqib ketgan ko’plab o’zbekistonliklarga ham tegishli ko’rildi, ammo bunga ishonib vatanga qaytganlarning ayrimlari qamoqqa tashlangani haqida xabarlar bor. Shunga qaramay, ularning ayrimlari ehtiyot chorasi bilan ozod qilingan.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon afvga tushgan faollardan biri, ammo Turkiyadan vatanga qaytishi ortidan aeroportning o'zida hibsga olingan edi. Jamoatchilik bosimi ostida u keyinroq ozod qilindi, lekin undan ekstremizm ayblovi olib tashlanmagan.

“Qora ro’yxatda edim, keyin chiqarilding deb eshitdim, bilsam, chiqarilmagan ekanman. Kelganimdan keyin boshimga tushgan mojarolardan ko’pchilikning, tinglovchilarning ham xabari bo’lsa kerak. Jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar bosimi tufayli, yoski boshqami, ishqilib bu narsa prezidentimizning qulog’iga yetib borgan ekan, men u kishining topshirig’i bilan ozod qilindim. Ammo menga nisbatan qo’zg’atilgan ish bekor qilinmagan, osilib turibdi, mavhumlik”, - deydi yozuvchi.

Xorijda qochqinlikda yurgan, qidiruvda bo’lganlarning ortga qaytishi ko’p hollarda O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi vositachiligida amalga oshadi. O’zbekistonga qaytishi ortidan ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib sudga tortilgan AQSh fuqarosi Zokir Aliyev ham Tashqi ishlar vazirligi va elchixona ruxsati bilan O'zbekistonga viza orqali kelgan edi.

Xorijdagi dindorlar, ayniqsa, ekstremizmga aloqadorlikda gumonlangan shaxslar masalasida O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Davlat xavfsizlik xizmati bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan idoralardan biri sifatida ko’riladi.

Diniy ekstremizmda ayblanib qidiruvda bo’lgan o’zbekistonliklardan biriga ko’ra, u qochqinlik maqomini olgan fuqaroning elchixona vakillari ishtirokida majburan O’zbekistonga qaytarilganiga guhov bo’lgan.

“O’zbekistonning Malayziyadagi konsullik bo’limi xodimlari politsiya tomonidan ushlangan o’zbekistonlik yigitga bosim o’tkazishgan, baribir seni O’zbekistonga olib ketamiz, hech kim, BMT ham seni himoya qilolmaydi, deb rosa tahdid qilishgan. Elchixona vakillari Malayziyaning aeroportdagi politsiya bo’limiga kirib, u bolani shantaj qilgani, qo’rqitgani haqidagi ma’lumot bor. 159- modda bo’yicha qidiruvga berilgan bola elchixona vakillari ishtirokida O’zbekistonga ekstraditsiya qilindi, qochqinlik maqomi bo’lishiga qaramasdan”, - deydi u.

Nurulloh Muhammad Raufxonning aytishicha, yangi hokimiyat davridagi diniy islohotlarda bugunga kelib ayrim chekinishlar kuzatilmoqda, xususan, diniy idoralar ustidan nazorat yanada kuchaytirilmoqda.

“Prezident har bir sohani o’z egalari qilsin degan masalani qo’ydi. Sen ham o’zingning ishingni qil, masalan, xalqaro razvedka bor, vatan xavfsizligi bor. Shu ma’noda juda ko’p sohalardan nazorat olib tashlandi, xavfsizlik odamlari yig’ishtirib olindi. Diniy sohaga qaytsak, bu yerda ham masjidlardan kuratorlarni yig’ishtirib olishdi, deb eshitdik, diniy idoraning o’zidan xavfsizlik tomonidan qo’yilgan o’rinbosar ishdan olindi. Ammo bu orada diniy idora, ulamolar biror jihatdan o’zini ko’rsatolmadi, islohotlarga javob beradigan yangilik, mustaqil ishlash qobiliyatini namoyon qilmadi. Natijada nima bo’ldi, mana yana DXX tomonidan qo’yilgan kadrlar musulmonlar idorasiga o’rinbosar sifatida qaytarildi, qo’mitaga shu xizmat odami keldi”, - deydi yozuvchi.

O’zbekiston aholisining 90 foizdan oshig’i musulmonlar. O’z e’tiqodi, diniy qarashlari uchun tazyiqqa olingan yoki hamon qamoq jazosini o’tayotganlar ham, asosan, musulmonlar hisobiga to’g’ri keladi.