3-avgust kuni Amerika fazo sanoatida yangi sahifa ochildi. NASA AQSh tuprog'idan tijoriy havo kemalarida kosmosga uchadigan amerikalik fazogirlarni jamoatchilikka tanishtirdi. 2011-yil AQShning fazoga odam jo'natish dasturi tugatilgandan beri amerikalik astronavtlar faqat xorijdan va xorijiy raketalarda uchayotgan edi. Yangi loyiha "Boeing" va "SpaceX" kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
NASA rasmiysi Jim Braydnstayn Xyustondagi Jonson Fazo markazida yangi dastur haqida e'lon qildi.
"2011-yildan beri ilk bor amerikalik fazogirlarni Amerika tuprog'idan Amerika raketalarida uchirish arafasida turibmiz", - dedi u.
"Boeing Starliner" va "SpaceX Dragon" fazo kemalarida 9 astronavt uchishga hozirlanmoqda.
Agentlikning xavfsizlik va ish ko'rsatkichi talablariga javob berishi uchun, havo kemalarini yaratishda NASA tijoriy kompaniyalar bilan yaqindan ishlamoqda.
AQSh dengiz kuchlari uchuvchisi Nikol Anapu Menning aytishicha, u "Starliner"ning Boing jamoasiga qo'shilganidan baxtiyor.
"Sinov va yaratish ishlarida qatnashish, uchish kuni u yerda bo'lish va barcha mashaqqatli mehnatlar samarasini ko'rish jamoa uchun, Amerika uchun faxrlanadigan bir lahza bo'ladi", - deydi u.
Dengiz floti piloti va qo'mondoni Viktor Glover "SpaceX" jamoasi bilan Xalqaro fazo markaziga uchadi. Bu uning kosmosga ilk safari.
"Davlatimiz va NASA uchun juda muhim bo'lgan ishda bu kompaniyalar bilan ishash mendek uchuvchilar uchun orzu. Josh aytganidek, buni haqiqatga aylantirishda ishtirok etayotganimdan baxtiyorman", - deydi u.
NASAga ko'ra, Tijoriy ekipaj dasturi asosida davlat va xususiy kompaniyalarning hamkorlik qilishi AQSh fazo sanoatini rivojlantiradi va kelajak uchun yangi kashfiyotlarga turtki beradi.