AQSh hibsdagi ruhoniy Endryu Bransonni ozod qilish uchun Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'anga bosim o'tkazishda davom etmoqda. Turkiya ham javob qaytarib, bir qator AQSh mahsulotlariga tarif e'lon qildi.
Ruhoniy Endryu Branson taqdiri AQSh-Turkiya aloqalariga katta putur yetkazmoqda.
"Turkiya, ayniqsa, Prezident Erdog'an ruhoniy Bransonga juda adolatsiz va yomon munosabatda bo'ldi. Branson yaxshi inson, kuchli nasroniy va hech qanday noto'g'ri ish qilmagan. Biz unga qilingan ishni esdan chiqarmaymiz", - dedi Oq uy so'zlovchisi Sara Sanders.
Josuslik va terrorizm aybi bo'yicha 21 oy hibsda saqlangan Branson hozir uy qamog'ida. Turkiya sudi uni uy qamog'idan chiqarish haqidagi ikkinchi arizani ham rad etdi. AQShga ko'ra, ayblovlar soxta.
"Biz bu qarordan juda taassufdamiz. Ruhoniy Bransonning uyiga, AQShga keltirilishini xohlaymiz", - dedi Davlat departamenti so'zlovchisi Xezer Noyert.
Tahlilchilarga ko'ra, Prezident Donald Tramp boshida Turkiya rahbari bilan iliq munosabatda ish boshlagan edi. Ammo Branson va boshqa amerikaliklarni ozod qilish talabi bajarilmagach, oraga sovuqlik tushdi.
"AQSh siyosatchilari Turkiyani nima qilish kerak, uniqanday majburlash, rag'batlantirish yoki ishontirish mumkin, shu haqda o'ylanyapti. Endryu Branson ishi atrofida shularning hammasi dolzarblashdi", - deydi tahlilchi Lisel Hints.
"Ruhoniy Branson ishi bo'yicha ma'muriyat masala hal bo'ldi deb o'ylagandi. O'zlari taqvodor nasroniy bo'lgan Pompeo va Pens bu ishni injilchi tarafdorlarini xafa qiladigan masala sifatida ko'rmoqda", - deydi yana bir tadqiqotchi Aron Deyvid Miller.
AQSh rasmiylari turk lirasi qadrsizlanishining global iqtisodiyotga ta'sirini kuzatib borayotganini, ammo bu iqtisodiy inqirozga Anqaraning o'zi aybdor ekanini aytmoqda.