Global bozorda Turkiya iqtisodiyotining o'rni qanday?

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog'an (chapda) AQSh rahbari Donald Tramp bilan

AQSh va Turkiya savdo urushi global iqtisodiy muammolarga olib kelmoqda. Inflyatsiya bilan birga Turk lirasi qiymatining tushib ketishidan rivojlanayotgan davlatlar bozorlari aziyat chekmoqda. Turkiya muammolari Argentina va Indoneziyaga qadar olis mamlakatlarga ham o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Osiyo malakatlari valyuta qiymatlari ham beqarorlikka yuz tutgan.

Global bozor og’ir vaziyatda. 17-avgust kuni Yevropada aksiyalar qiymati tushib ketdi. Rivojlanayotgan Hindiston va Indoneziya bozorlari Turkiyaning beqaror iqtisodiy vaziyati ta’sirida qolmoqda.

Amerikalik ruhoniy Endryu Branson Turkiyada hanuz uy qamog'ida. Agar ozod etilmasa, AQSh qo’shimcha sanksiyalar joriy qilishini ma’lum qilgan. Davlat Departamenti matbuot kotibi Xezer Noyert Turkiya muammolariga AQSh aybdor emasligini ta’kidlamoqda.

“Turkiyadagi iqtisodiy vaziyat uzoq vaqtdan beri muammoli. Bu holat avgust oyida sanksiyalar kuchga kirgunga qadar ham amalda mavjud edi”, - deydi Xezer Noyert.

Tahlilchilar Turkiya iqtisodiy muammolari ildizi chuqurroq ekanini tasdiqlamoqda. Nuqsonlar Turkiya va AQSh prezidentlari o’rtasida yuzaga kelgan nizolardan ancha avval boshlangan.

“Turkiya iqtisodiyoti tizim sifatida zaif bo’lib, tez o’sish, arzon kreditlarga asoslangan, quruvchilik sektori loyihalariga bog’langan, eng dahshatlisi, tashqi qarzlar, ayniqsa, dollarga tayanib foyda ko’rishga intiladi. Shunday ekan, joriy yilning o’zida dollarga nisbatan lira qiymatining 40 foizga tushib ketishi ana shu qarzlarni to’lashni murakkablashtiradi”, - deydi Brukings instituti tahlilchisi Amanda Sloat.

Investorlar Turkiyaga mahsulot eksport qiluvchi 20 ga yaqin Osiyo-Tinch okeani mamlakatlarini diqqat bilan kuzatmoqda.

“1990-yillar inqirozi tomon borayapmiz demagan bo’lardim, chunki 1990-yillarda Osiyo yo’lbarslari mamlakatlari orasida bo’lganidek Turkiyadan zararlanish ehtimoli yo’q. Global kredit va likvidlik holatining og’ir talablari rivojlanayotgan bozorlarga ziyon ko’rsatadi, chunki ular so’nggi yillarda global kredit va fondlarning asosiy foydalanuvchilari bo’lgan”, - deydi Investitsiya fondi rahbari Jeyms Bevan.

Biroq aksariyat tahlilchilar Turkiya iqtisodiyoti, jumladan, turk firmalarining qarzlarni uzish salohiyatidan jiddiy xavotirda.