AQSh Mustaqilligi kunida tug'ilgan amerikalik Xumoyun sharafiga pishirilgan bo'g'irsoq elga tarqatildi.
Doshqozonda bo'g'irsoq qizarmoqda. Uning ta'mi va tarixi o'zgacha. Bu bo'g’irsoqlar ummon ortida, Nyu-Yorkning Bruklin mavzesida yashaydigan yangi amerikaliklar xonadonida pishirilyapti.
Oilaga yangi mehmon berganini ko'pga ma'lum qilish uchun uzatiladigan bo'g'irsoqlarni samarqandlik Santalat opa Rashidova pishiryapti. Vatandan olisdagi qizining xursandchiligiga sherik bo'lish va bola parvarishlashda farzandiga yordam berish uchun onaxon Samarqanddan maxsus kelgan.
Urfga ko'ra, o'zbek oilalari issiq bo'g'irsoqqa non va shirinliklarni qo'shib qo'ni-qo'shnilari va qarindoshlariga ulashadi. Bu udum bola dunyoga kelgandan bir hafta-o'n kun o'tgach bajariladi.
Zohira ona va Santalat aya vatandan olisda milliy udumlarni bajarishda suyagi qotgan o'zbekistonliklardan. Axir, bu ularning AQShda dunyoga kelgan uchinchi nabiralari.
Muhammadaminning oilasi uzoq O’zbekistondan “Diversity Visa Lottery” yoki xalq orasida “Grin karta” nomi bilan tanilgan lotoreyada yutib AQShda muqim yashab kelayapti. Taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, shu kungacha AQShga 100 mingdan ortiq o'zbekistonlik ko'chib kelgan. Shulardan biri Muhammadamin oilasi. Uning ummon ortida bosib o’tayotgan yo’li, hayot tarzi boshqa ana shu ko’plab o’zbek muhojirlarinikiga juda o’xshash.
Muhammadamin ko’p qatori boshida uy-joydan qiynalgan, kasb-korini tubdan o'zgartirishga majbur bo'lgan. Samarqandda oliygohda dars bergan bu o'zbekistonlik yigit mana 9 yildirki maktab avtobusi haydovchisi. Oilada er-xotin ish bilan band. Oila bekasi Nasiba ko'plab yurtdoshlari kabi qariyalarga xizmat ko'rsatish tizimida mehnat qiladi.
AQSh fuqaroligini olgan Muhammadamin o'zi bilan birga yangi vataniga O'zbekistonga xos an'analarni ham olib kelgan. Har gal farzand ko'rgach, u avval bo'g'irsoq tarqatadi, bir yildan so'ng bola sochini olish an'anasini bajaradi. 2009-yil qizi Mohinur tug'ilganda, so'ngra 2014 yil Parinur dunyoga kelganda ham xuddi shunday bo'lgan. Orada milliy bayramlarni ham nishonlashni kanda qilmasliklarini aytad. Bu xonadonda 2018-yildan e'tiboran 4-iyul, AQSh Mustaqilligi kuni oilaviy bayram sifatida ham nishonlanadigan bo'ldi. Boisi uzoq kutilgan o'g'il farzand – Hamidjonovlar sulolasining Amerikadagi davomchisi Xumoyun shu sanada tug'ildi.