Xmong aholisi dala ekinlari savdosida yetakchi

  • Amerika Ovozi

Xmong fermerlari yetishtirgan mahsulotlar savdosi.

Xmong etnik guruhining asl vatani – Xitoy. Ular XVIII asrda Vyetnam va Laosga ko’chib o’tib, musofirchilikda yashagan. Vyetnam urushidan keyin xmonglarning aksariyati Amerikadan boshpana topgan. Oradan bir necha o’n yillar o’tib, xmong fermerlari Minnesota shtatining oziq-ovqat mahsulotlari iqtisodiyotida yetakchilik qilmoqda. Ular turmush tarzini yaxshilash uchun kuchlarni birlashtirgan.

Mi Xen har juma mahalliy dehqon bozorida sotish uchun gullarni tayyorlaydi. Mao Mua ham turmush o’rtog’i bilan bozorda sabzavot sotadi.

“Biz jo’xori, shirin kartoshka, gilos va mayda pomidor yetishtiramiz. Shu xolos”, - deydi Mao.

Xenlar va Mualar oilasi 1970-yillarda Laosdan Tailandga ko’chib o’tgan xmonglar avlodi. Amerikaga kelgandan buyon ular dehqonchilik bilan shug’ullanadi. Hozir fermer xo’jaligi a’zosi.

“XAFA xo’jaligida ishlashni yoqtiraman, chunki u xmonglar birlashmasi. Bizga xmong ishchilari ko’maklashadi. Ular bizning qo’limiz, ko’zimiz va qulog’imizday. Suv, elektr quvvati va oziq-ovqat markazi mavjudligi yoqadi”, - deydi Mao.

Xmonglarning XAFA – Notijorat fermerlik birlashmasi 2011-yildan buyon Minnesotadagi 63 gektar maydonda faoliyat yuritadi. A’zo fermerlar 2-4 gektar maydonda sabzavot va gul yetishtirish uchun uzoq muddatli shartnomalarga ega.

“Xmong fermerlarining mavhum sharoiti birlashmaning tuzilishiga sabab bo’ldi. Ekin maydoni har doim muammo bo’lib kelgan. Yerga egalik huquqisiz qaysi maydonga ekin ekishing ham noma’lum. Na organik sertifikatlashga, na yuqori daromad keltiradigan ko’p yillik ekinlarga sarmoya kirita olasan”, - deydi Fermerlik birlashmasi asoschilaridan Paku Xen.

Paku Xen Tailandda qochoqlar lagerida tug’ilgan. 1976-yilda ota-onasi bilan Amerikaga kelgan.

U shunday hikoya qiladi:

“Vyetnam urushi davrida otam AQShning Markaziy razvedka agentligi bilan ittifoqchi bo’lgan maxfiy armiya safiga qo’shilgan. Urush tugab, kommunistlar hokimiyatga kelgach, mong askarlariga zo’ravonlik kuchaydi”.

Xmong aholisi (yoki myao) soni bo’yicha Minnesotada ikkinchi o’rinda. U yerda 60 mingdan ziyod xmonglar yashaydi.

“Minneapolis hududida sotiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining 50 foizini mong fermerlari yetishtiradi. Xmonglarning ishtiroki fermer xo’jaliklari mahsulotlari savdosini jonlantirib yubordi”, - deydi Minesota Fermerlar birlashmasi ma’muriyatidan Deyv Kotsonas.

XAFA “Oziq-ovqat markazi” nomli muqobil bozor dasturini ham boshqaradi.

Dastur menejeri Ku Yan shunday deydi:

“Oziq-ovqat markazimiz XAFA fermerlari yetishtirgan mahsulotlarni jamlaydi, tarqatadi. Maktab, kooperativ va restoranlar kabi turli muassasalarga sotadi. Shuningdek, ayni paytda 350 a’zosi bo’lgan jamoatchilik xo’jaligimiz ham bor. Ular har hafta mahsulotlar olib turadi”.

Xmonglar yangi yetishtirilgan mahalliy sabzavotlar savdosini kuchaytirdi. Paku Xenning bildirishicha: “Xmong fermerlari bizning mahalliy oziq-ovqat va umumiy iqisodiyotimizga ulkan hissa qo’shmoqda. Tadqiqotlarga ko’ra, ular 250 million dollarlik mahsulot sotishgan”.

XAFA Biznes taraqqiyoti dasturi fermerlarga traktorlar va yangi xo’jalik uskunalari xarid qilish uchun mikro kreditlar olishga ko’maklashadi. Xengning aytishicha, maqsad faqat daromad emas.

“Bizning manfaatimiz, biz berayotgan e’tibor avloddan avlodga o’tadigan boylik emas, jamoatchilik boyligidir”, - deydi u.