Qamoqdan chiqqan odam o'z hayotini tubdan o'zgartira oladimi? Kaliforniya shtatida 1992-yildan beri faoliyat yuritayotgan "Homeboy Industries" nomli tashkilot bunga ishonadi. Guruh qamalib chiqqan sobiq jinoyatchilar uchun turli trening va darslar o'tkazadi. Maqsad ularni foydali insonlarga aylantirib, jamiyatga qaytarish.
27 yoshli Tiffani Braun qamoqdan o'tgan oy chiqdi. Bir necha bor zo'ravonlikka qo'l urgan.
Los-Anjelesda tug'ilgan bu qiz jinoiy to'dalarga aralashib katta bo'lgan.
"Bolaligimdan urushqoq bo'lganman. To'qqiz marta zo'ravonlikka oid ish ochilgan. Xato qilganim aniq. Endi bu xatoni takrorlamayman", - deydi u.
Har yili Los-Anjeles shahrida Tiffani kabi sobiq mahkumlar uchun yugurish marafoni o'tkaziladi.
"Homeboy Industries" tashkiloti ularga maslahat beradi, ish topish va malaka oshirishda yordam ko'rsatadi.
"Dasturimiz yordamga muhtojlar uchun emas, balki yordamni xohlaydiganlar uchun. Ko'mak olish uchun eshikni ochib kirishingiz kerak", - deydi loyiha asoschisi Gregori Boyl.
Qamoqdan keyin yangi hayot boshlash oson emas. Richard Xassel ish topishda qiynaldi, hatto do'stlari undan yuz o'girdi. Sobiq mahkumni hech kim ishga olishni istamaydi.
O'zgarish mumkinligiga men dalilman, deydi Richard. U bugun muvaffaqiyatli biznes egasi.
"Men o'zgardim, tirik dalilman. Jinoiy to'dalar ichida o'sdim. Har bir odamga ikkinchi imkoniyat berilishi kerak", - deydi u.
Marafonda qatnashganlarning hammasi ham sobiq mahkumlar emas. Bu loyihani qo'llab-quvvatlayotgan oddiy fuqarolar ham bor.
"Hech kim mukammal emas. Hammamiz insonmiz, hayotda xato qilamiz. Hayotini o'zgartirishni istagan har bir odamga imkoniyat berish muhim. Hammaga kerak bu imkoniyat, ayrimlar buni inkor etadi, xolos. Barchamizga hayotda ikkinchi imkoniyat kerak", - deydi Jozef ismli ishtirokchi.
Tiffani Braun bu tashkilot qoshida maxsus treningdan o'tdi. Uning orzusi moda dizayneri bo'lish. Xuddi bir paytlar qamoqda o'tirib chiqqan modelyer Jeremi Miks kabi.
Tiffani kun kelib hayotda o'z o'rnini topishidan umidvor. "Homeboy" dasturlarida har yili 15 ming sobiq mahkum qatnashadi. Ularning faqat uchdan bir qismi yana jinoyatga qo'l uradi.