Pens: Xitoy AQShdagi saylovlarga aralashyapti

  • Amerika Ovozi

AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens

AQSh prezidenti ma’muriyati Xitoyni AQSh siyosiy tizimiga ta’sir o’tkazishda urinayotganlikda aybladi.

“Xitoy Amerikaga boshqa prezident kelishini istaydi”, - dedi Vitse-prezident Mayk Pens.

Bir hafta oldin Prezident Donald Tramp ham Pekinni AQSh sayloviga aralashayotganlikda ayblab chiqqan edi.

Pensning aytishicha, Xitoy Kommunistik partiyasi Amerika bizneslari, kino studiyalari, universitetlar, ilmiy tadqiqot markazlari, olimlar, jurnalistlar va davlat rasmiylariga turli yo’llar bilan ta’sir ko’rsatish harakatini boshlagan. Shu orqali Xitoy Amerika jamoatchiligi fikrini o’zgartirmoqchi, deydi u.

Vitse-prezidentning razvedka xizmatidagi manbaga tayanib aytishicha, xitoyliklar qilayotgan ish oldida Rossiyaning kirdikorlari ip esha olmaydi.

Milliy xavfsizlik bo’yicha prezident maslahatchisi Jon Bolton ham Mayk Pens fikrlarini tasdiqladi.

Bilganlarimizning ko’pi maxfiy ma’lumotlarga asoslangan va davom etayotgan razvedka amaliyotlari hamda manba va ish uslublarimizni himoya qilish uchun hozir bundan ortiq ma’lumot bera olmaymiz, dedi Bolton.

Pensga ko’ra, Xitoy hukumati iyun oyida “Propaganda va senzura eslatmasi”ni tarqatgan. Unda AQShdagi “turli mahalliy guruhlarni aniq, lekin ehtiyotkorlik bilan bo’lib tashlash” ko’zda tutilgan.

Amerikaliklarning Xitoy siyosatiga doir qarashlarini o’zgartirish uchun Pekin maxfiy guruhlar va propaganda materiallarini jalb etgan.

Ayrim kuzatuvchilarning aytishicha, Pens nutqida ko’plab dalillar keltirilgan, ammo bular Xitoy AQShdagi saylovlarga aralashyapti, deyishga hali to’liq asos bo’la olmaydi.

Tramp prezidentlikka kelgandan beri AQSh bilan savdo aloqalari yomonlashdi. Shu kungacha 250 milliard dollarlik Xitoy mollariga boj solindi.

“Oraliq saylovlarga tas’ir qilish haqida gapirganda, Pekinning bizga javoban joriy etgan tariflariga qarash kifoya. Ular 2018-yilgi saylovda muhim rol o’ynaydigan shtatlar va sanoatlarni ataylab nishonga oldi. Hisoblarga ko’ra, Xitoy nishoniga uchragan okruglarning 80 foizdan ziyodi 2016-yil Prezident Trampga va menga ovoz bergan. Endi Xitoy shu saylovchilarni bizning ma’muriyatga qarshi qo’ymoqchi”, - dedi Pens.

Boshqa tahlilchilar esa ma’muriyatdan aniqroq ma’lumot berilishini so’rayapti.

“U kodlar bilan gapirdi. Xitoy hukumati hozirgi ma’muriyat qilayotgan ishlarni yoqtirmasligini aytdi va shu yerda to’xtagandek bo’ldi. Bundan ular respublikachilarga zarar yetkazish uchun nimadir qilayotgani haqida xulosa qildim”, - dedi Gudzon instituti tadqiqotchisi Rebekka Heynriks.

Tramp o’tgan oy AQSh sayloviga aralashganlarga sanksiya qo’llash haqida yangi farmon chiqargan edi.