Rossiyadagi mehnat muhojirlari ish haqini ololmayapti

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Federatsiyasida, rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2 millionga yaqin o’zbekistonlik mehnat muhojiri istiqomat qiladi. Ularning asosiy qismi og’ir sharoitdagi mehnat bilan shug’ullanadi. Lekin ularning ichida rahbarlik lavozimida ishlaydiganlar ham bor.

Rossiyadagi muhojirlar orasida ish beruvchilar va ijrachaga uy-joy beruvchi shaxslar tomonidan firibgarlik va aldovlarga duch keladiganlar oz emas. Bu esa tomonlarning o’zaro kelishmovchiliklariga va shundoq ham yengil bo’lmagan muhojirlar holatining yanada og’irlashishiga sabab bo’lmoqda.

Ikki nafar o’zbekistonlik muhojir - Marjona Rahmonova hamda Ro’ziboy Butunov shunday aldanganlardan.

Marjona idish-tovoq yuvuvchi bo’lib ishlagan va bir yarim oylik ish haqini olmagan. Ish beruvchidan ish haqi so’ralganda Rahmonovaga qo’pol muomalada javobini berishgan va uni turli-xil gap-so’zlar bilan qo’rqitishgan. Shundan so’ng Rahmonova yuristga murojaat qilishga majbur bo’lgan.

Butunov Ro’ziboyda ham shu kabi muammo. Ular 14 kishi bo’lgan va 2 oy ishlab maosh olishmagan.

Maosh berilishini talab qilib, 14 kishi ish beruvchiga shikoyat qilgan. Shundan so’ng esa ishchilar biron-bir ko’ngilsizlikni keltirib chiqarmasliklari uchun ularga ish haqining to'rtdan bir qismi tarqatilgan.

Eng qizig’i esa hamma ishchiga har-xil miqdorda pul yozilgan. Ishchilar hisobchidan nega bunday deb so’rashganda, hisobchi “Men bilmayman, “vedomost”da yozilgan pulni tarqatyapman”, - deb aytgan.

Qurilish kompaniyasida “antikrizis” menejeri bo’lib ishlagan yana bir o'zbekistonlik Jamshid Muslimov o'z faoliyati davomida migrant ishchilar bilan duch kelgan muammolar haqida gapirib berdi.

“Mehnat muhojirlarining aksariyat qismi mehnat shartnomalariga layoqatsizlik bilan qarashadi. Mehnat shartnomasini to’ldirmaslik esa ish beruvchi kompaniyalarga ham qulay, chunki ular ortiqcha xarajatlardan xalos bo’lishadi. Buning oqibatida esa oylik bilan bog’liq muammolar kelib chiqadi” - deydi u.

Muammoga duch kelgan mehnat muhojirlari yuridik tashkilotlarga murojaat qilishga majbur bo’lishmoqda.

Mazkur muammolar yuzasidan “Tong jahoni” xalqaro nodavlat, notijorat tashkiloti yuristi Botirjon Shermuhammad bunday muammo keng yoyilganini aytadi.

“2017-yilda 700 ga yaqin odam ish haqini olish bilan bog’liq muammolar bilan yuridik tashkilotga murojat qilishgan va bu shaxsiy qabulga kelganlarning asosiy qismini tashkil qilgan”, - deydi huquqshunos.

U mehnat muhojirlarini ish boshlashdan oldin o'z haq-huquqlarini bilishga va rasmiy hujjatlar asosida ishlashga chaqiradi.