Amerikalik qora tanli sportchilar irqiy kamsitishlarga qarshi mushtini ko’targan muhim sanaga 50 yil to’ldi. Voqea 1968-yili yozgi Olimpiya o’yinlarining taqdirlash marosimida ro’y bergan.
1968-yilning oktabr oyi. Yugurish bo’yicha Amerika sharafini himoya qilgan Tommi Smit va Jon Karlos irqiy notenglikka qarshi musht ko’taradi. Voqeaga butun dunyo guvoh bo’ladi.
Tarixiy onlar Meksikada o’tgan Olimpiya o’yinlari shohsupasida ro’y bergan. AQShda irqiy nizolar avjida edi.
“O’sha yili yozda Martin Lyuter King va senator Bobbi Kennedi joniga qasd qilingan edi. AQShda keskinlik kuchaygan, nima qilishimizni bilmay qolgan tahlikali davr edi”, - deydi Xovard universiteti professori Maykl Fontroy.
Tommi Smit 200 metrga yugurish bo’yicha jahon rekordini o’rnatib, oltin medalni qo’lga kiritgan. Karlosga bronza nasib qilgan.
Sportchilar shohsupada kambag’allik ifodasi sifatida yalangoyoq, dorga tortilgan qurbonlar ifodasi sifatida bo’ynida marjon bilan turardi. G’oliblar e’lon qilinganda bosh egib, qo’llarini ko’tarishgan.
Irqchilik, media va kommunikatsiya bo’yicha mutaxassis Sherri Vilyams sportchilar qarorini jasorat deb baholaydi.
“Marosim butun dunyo bo’ylab ko’rsatilayotganda ikki qora tanlining fursatdan foydalanib, dunyo e’tiborini irqiy ozodlik kurashiga qaratishi o’ta muhim ahamiyat kasb etgan”, - deydi u.
O’shanda AQSh Olimpiya jamoasi ular bilan aloqani uzib, uylariga jo’natgan.
Yaqinda Vashingtonda o’tgan tadbirda ular qahramon sifatida eslandi.
“Erkin so’z, azizlarim, ta’lim orqali uzluksiz yangrashi kerak. Qiyinchiliklarga qaramay, kurash davom etadi”, - deydi Tommi Smit.
Sentabr oyida Karlos ana shu muhim sananing 50 yilligini nishonlash uchun Meksikaga tashrif buyurdi. U odamlarga har bir shaxs o’zgarish qilishga qodir ekanini eslatdi.
“To’g’ri ish qilish menga ham, boshqalarga ham oson emas. 50 yil avval shohsupada turganimda, safdoshim men bilan mushtini ko’tardi, yana biri bizni qo’llab-quvvatladi. Oradan yarim asr o’tdi. Sizning yordamingizsiz biz uchalamiz jamiyatni o’zgartira olmaymiz”, - deydi Jon Karlos.
Hozirda Amerika Futbol ligasi o’yinchilarining madhiya paytida tiz cho’kishi va politsiya zulmiga qarshi boshqa noroziliklarni ana shu voqeaga qiyoslash mumkin.
O’sha aksiya ko’plarga ilhom bergan.
“Mana 2018-yilda ham noroziliklarga moyil kishilar o’z harakatlari uchun o’sha davrdan saboq oladi. Aksiya o’chmas iz qoldirgan”, - deydi professor Fontroy.
Mutaxassis Sherri Vilyamsning aytishicha: “Sportchilar bosh ko’targanida haqiqatdan ham o’zgarish yuz beradi, tizim yangilanadi. 1968-yilda Smit va Karlos buni uddalagan bo’lsa, bugun Kolin Kapernik ham ayni shu maqsadni ko’zlaydi”.
To’siqlarni yenggan ikki sportchi - Smit va Kapernik o’tgan kuzda shaxsan uchrashgan. Irqiy notenglikka qarshi kurash karyeradan ustun, deydi ular.