Siyosat, sport va kino olamida jinsiy tazyiq keng tarqalganini fosh etgan jurnalistlar yaqinda AQSh poytaxtida mukofotlandi. Shuningdek, yarim asr oldin Amerikadagi adolatsizliklarga dunyo e'tiborini qaratgan ikki sportchi sharaflandi.
1968-yilgi Olimpiya o'yinlarida Jon Karlos va Tommi Smit g'alaba qilib, qora tanlilarga qarshi diskriminatsiya nishonasi sifatida qo'llarini ko'targan.
Ularga mukofotni amerikalik mashhur basketbolchi Karim Abdul Jabbor topshirdi. Tommi Smitning aytishicha, adolatsizlik haqida gapirish hamon muhim.
"Erkin so'z uzluksiz tovush bo'lishi, ta'lim orqali o'rgatilishi kerak. Qiyin bo'lsa ham kurash davom etadi. Ko'pchilik panada turishni ma'qul ko'radi - muammodan qochishingiz mumkin, lekin yashirina olmaysiz", - deydi 1968-yili oltinni qo'lga kiritgan Smit.
Yengil atletikachi Jon Karlos esa kelajak avlodlarni o'ylab, aksiyada qatnashganini aytadi.
"23 yoshda edim o'shanda. O'zim haqimda emas, o'g'lim va uning farzandlari haqida o'ylandim. Ular adolatli jamiyatda yashashi kerak", - deydi Karlos.
U va Tommi Smit Meksikada o'tgan Olimpiadada medallarni qo'lga kiritgach, qashshoqlik nishonasi sifatida oyoq kiyimsiz minbarga chiqishgan. AQSh gimni yangrayotganda boshlarini egib, qo'llarini ko'tarib turishgan. Amerikada afro-amerikaliklarga nisbatan diskriminatsiyaga oid siyosiy bayonot edi bu.
Vashingtonda o'tgan marosimda ish joylarida jinsiy bosim mavzusini yoritgan 13 jurnalist ham taqdirlandi. Masalan, AQShning chempion sportchilari shifokori Larri Nassar yillar davomida o'z bemorlariga tegajog'lik qilgani uchun 175 yilgacha qamalgani katta shov-shuv uyg'otgan edi.
"Jabrdiydalarga so'z berish, sistemadagi muammolarni fosh etish, sportda bolalarni himoya qilish ham ishimiz", - deydi Marisa Kviatkovskiy, "Indianapolis Star" gazetasi muxbiri.
Jurnalistik tekshiruvlar Gollivudda nufuzli prodyuser va kino ustasi Xarvi Vaynshtayn, shuningdek, Alabamadan Senatga nomzod Roy Mur jinsiy bosimlarga aloqador ekanini aniqladi.
"Ishimiz o'zgarishlarga olib kelishini ko'rish quvonarli. Ko'pincha bunga guvoh bo'lmaymiz. Biz ommani xabardor qilamiz, muhim narsalarga e'tiborni qaratamiz. Kongress, Oq uy kabi organlarga nisbatan qarashlarni o'zgartiramiz", - deydi jurnalist Pol Farhi.
O'ta konservativ respublikachi Roy Mur poygada yutqazdi. Xarvi Vaynshtayn kino sanoatidan chetlatildi. Siyosiy va ijtimoiy hayotda o'zgarishlar yuz bermoqda.
Facebook Forum