AQSh fuqaroligini olish uchun o’tkaziladigan maxsus test sinovlaridan amerikaliklarning aksariyati o’ta olmasligi aniqlandi.
Yaqinda o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklarning faqat uchdan bir qismi savollarga qoniqarli darajada javob bera olgan, xolos. Fuqarolik imtihonidan o'tish uchun savollarning kamida 60 foiziga to’g’ri javob berish lozim.
Test sinovlari xorijda tug’ilganlarni AQSh fuqaroligiga qabul qilish jarayonining bir qismi sanaladi. Mamlakatda doimiy yashash huquqiga ega bo’lgan “Grin karta” egalari AQShda besh yil istiqomat qilgach, fuqarolikka murojaat qilishi mumkin.
Sinovda ishtirok etgan amerikaliklarning to’rtdan uch qismi mamlakatning dastlabki 13 shtatini to’g’ri belgilay olmagan. 57 foiz ishtirokchi AQSh Oliy sudida nechta hakam faoliyat yuritishini bilmagan. Qatnashuvchilarning 60 foizi Ikkinchi jahon urushida Amerika qaysi davlatlarga qarshi jang qilganini bilmasligi ma’lum bo’lgan.
“Bu juda ayanchli. Natijalar mamlakatda tarix qay tariqa o’qitilayotgani va o’rganilayotganini nazorat qilish lozimligini ko’rsatmoqda. Mazkur an’anaga yakun yasash uchun bugungi kun o’quvchilariga tarix fanini yanada dolzarb, qiziqarli va diqqatni jalb etadigan tarzda o’qitish yo’llarini topish talab etiladi”, - deydi Vudrov Vilson notijorat fondi vakili Patrik Rikkards.
Qizig’i shundaki, sinov qatnashchilarining 40 foizi maktabda eng sevgan fani tarix bo’lganini qayd etgan.
Katta yoshdagi fuqarolarning ko’rsatkichlari nisbatan yuqoriroq ekani aniqlandi. 65 yoshdan oshganlarning 74 foizi 10 ta savoldan kamida oltitasiga to’g’ri javob bera olgan.
45 yoshgacha bo’lgan fuqarolarning 19 foizigina imtihondan o’tgan.
Ta’lim sohasini rivojlantirish bo’yicha faoliyat yuritayotgan Vudrov Vilson fondi joriy muammoni hal etish maqsadida mamlakat bo’ylab tarix fani o’qituvchilariga ko’mak bermoqda.
“O’qituvchilarga o’yin nazariyasini o’rgatamiz. Maqsad bolalarga tarix fanining yanada qiziqarli bo’lishi uchun o’qituvchilar sinfxonalarda oddiy kartali va ko’rgazmali o’yinlarni ishlab chiqa olishiga erishish”, - deydi Rikkards.
Demokratik tamoyillarning to’g’ri amal qilishida fuqarolarning tarixdan xabardor bo'lishi muhim ahamiyatga ega, deydi u.
Shuningdek, Rikkardsga ko’ra, kuchli shaxsiyat egasi bo’lish va Amerikaning nufuzi uchun xizmat qilish uchun fuqarolar tarixni yaxshi bilishi lozim. Shundagina belgilangan maqsad yo’lida asosli bahslar bo’ladi va asosli qarorlar qilinadi, deydi u.