Qonunchilar: Tramp uyg'urlar masalasida chora ko'rishi kerak

  • Amerika Ovozi

Sharqiy Turkiston - Shinjon hududida Xitoyning xavfsizlik xodimlari mashinalari

AQSh qonunchilari Tramp ma’muriyatidan uyg’urlar va boshqa musulmonlarga qarshi ommaviy repressiya siyosatini qo’llaganligi uchun Xitoy rasmiylariga keskin choralar ko’rishni talab qilmoqda.

Oylab davom etgan muhokamalardan so’ng 14-noyabr kuni Vakillar palatasi va Senatga uyg’ur xalqiga zug’um o’tkazgani uchun Xitoyni jazolashga doir qonun loyihasi taqdim etildi. Unda Pekinning ayrim rasmiylariga qarshi sanksiyalar qo’llash, Amerika va Xitoy kompaniyalari o’rtasidagi savdo aloqalarini cheklash nazarda tutilgan. Xitoy hukumatining uyg’ur xalqiga o’tkazayotgan beshafqat bosimi g’arb matbuoti va xalqaro axborot agentliklari tomonidan batafsil tahlil qilinishi natijasida siyosiy doiralarda jiddiy e’tirozlar uyg’otdi.

Xalqaro siyosatchilar va olimlar vaziyatga Xitoy tarafidan bir necha o’n yillar mobaynida inson huquqlarining eng dahshatli tarzda buzilishi deb baho bermoqda. Qonun loyihasidan maqsad keskin chora ko’rilishi uchun Tramp ma’muriyatiga bosim o’tkazish. Vashington rasmiylari savdo, inson huquqlari va Xitoyning Tinch okeani hududida harbiy qudratini oshirishga doir harakatlariga qarshi qattiqqo’l siyosat qo’llashni boshlagan.

“Shinjondagi vaziyat va Xitoyning ozchilikdan iborat uyg’ur etnik guruhiga qarshi zolim siyosati mislsiz darajaga yetgan. Xitoy hukumatining nazorat taktikasi inson sha’ni va huquqlariga jiddiy tahdid solmoqda. Prezident Xitoyga nisbatan aniq va muqim yondashuvni belgilab olishi, bir milliondan ziyod uyg’urlarning avtoritar tuzum ostida adolatsiz hibsga olinishi va mehnat lagerlarida ushlab turilishiga ko’z yummasligi kerak”, - deydi senator Bob Menendez.

“AQSh Xitoy hukumati va Kommunistlar partiyasining ommaviy repressiya, inson huquqlarining poymol qilinishi, qayta siyosiy ta’lim lagerlarini joriy qilish va katta ehtimol bilan insoniyatga qarshi uyushtirilgan jinoyatga mas’ul rasmiylarini javobgarlikka tortishi kerak”, - deydi yana bir senator Marko Rubio.

Qonun loyihasida mazkur masala bilan AQSh hukumati darajasida muntazam shug’ullanadigan Shinjon ishi b’oyicha maxsus koordinator lavozimini ta’sis qilish nazarda tutilgan.