"Ehson uyi" nogiron bolalarni bepul davolamoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Xyustonda joylashgan xayriya tashkiloti pokistonlik nogiron bolalarni Amerikaga olib kelib davolashni yo'lga qo'ydi. "Amerika Ovozi" shunday bolalar davolanayotgan tibbiy markazga tashrif buyurdi.

Azifa Rashidni Pokistondagi uyida sakkiz yoshida tok urgan. Fojiada qiz qattiq kuyib, majruh bo'lib qoldi. Uyidan ham chiqa olmaydi. Hayotini saqlab qolish oila uchun katta mashaqqatga aylandi.

"Yaralarini o'zimiz tozalab, ukol qilardik. Nima kerak bo'lsa, hammasini o'z qo'limiz bilan qildik. Shu bois u tirik qoldi", - deydi qizning otasi Abdul Rashid Jabar.

Xyustonda joylashgan "Ehson uyi" tashkiloti Lahordagi Shalamar kasalxonasi yordami bilan Azifani davolanish uchun AQShga olib keldi.

Tashkilot rahbari Hashmat Efendining aytishicha, maqsad muhtoj bolalarni AQShda bepul davolash.

"Odatda, tibbiy maqsadlar bilan mamlakatlarga borib, bolalarga bepul yordam ko'rsatamiz. Joylarda qilish mumkin bo'lmagan jarrohlik amaliyotlari uchun esa ularni AQShga olib kelamiz", - deydi u.

Tashkilot yordami bilan yuzdan ortiq Azifa kabi nogiron va kuygan bolalar AQShda tibbiy ko'mak oldi.

Davolash xarajatlarining bir qismini o'zimiz ko'taramiz, aksariyatini esa kasalxonalar qoplaydi, deydi Efendi.

Protezlar bilan ishlovchi Andre Martinez guruh tomonidan olib kelingan bolalarga bepul xizmat ko'rsatadi. Pokistonlik bolalar bilan ishlayotganiga bir necha yil bo'lgan.

"Xayriya uyi" bilan, bolalar bilan uzoq yillardan beri ishlab kelayotganim bois, hatto to'ylariga taklif qilishadi. Menga, sheriklarimizga ovqatlar berishadi. Madaniyatlarini ham olib kelishgan", - deydi u.

Tashkilot yordami bilan kelgan bolalar ko'ngillilar va mutaxassislardan reabilitatsiya ko'magini ham oladi.

Hashmat Efendining o'zi saratondan omon qolgan sobiq bemor. Hayotdagi maqsadim bolalarga yordam berish, deydi u.

"Bu mening hayotim. Shu ishni qilmasam, yashay olmayman", - deydi u.

Davolanib bo'lgach, bolalar kattaroq umid va ishonch bilan yana vatanlariga qaytadi.