O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryusselga safar qilib, Yevropa Ittifoqi komissari Federiko Mogereni doxil bir qator rasmiylar bilan muzokaralar o'tkazdi. Asosiy e’tibor siyosiy, iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikka qaratilgan.
O’zbekiston hozircha siyosiy islohotlarga qo’l urmadi, iqtisodiy islohotlar esa og’ir siljimoqda. Yevropa Ittifoqi bu borada O’zbekistonga jiddiy ko’mak berishi mumkin bo'lgan yirik qudratlardan hisoblanadi. Hozircha bunday ko’mak doirasi kutilgan darajada emas. Yevropa safarini davom ettirishga hozirlanayotgan Prezident Shavkat Mirziyoyev G’arb moliyasini jalb etish, jamoatchilikni islohotlarga ishontirish uchun jiddiy, aniq harakatlar qilishi lozim, deydi kuzatuvchilar.
Your browser doesn’t support HTML5
Hokimiyat almashishi ortidan ikki bor O’zbekistonda bo’lgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar komissari Federiko Mogerini Abdulaziz Komilov bilan uchrashuvda O’zbekistonning mintaqaviy siyosatidan mamnunligini, yangi hamkorlik bitimi O’zbekistondagi islohotlarni qo’llab-quvvatlashga turtki berishini aytgan.
Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi yangi bitim amaldagi hamkorlik kelishuvi o’rnini egallashi kutilmoqda.
Tomonlar o’rtasidagi so’nggi muzokaralarni rasmiy bayonnomasi deyarli o’zgarmagan, Yevropa O’zbekistondagi islohotlar rejasini olqishlashda, o’zgarishlarga umid bilan qarashda davom etmoqda.
Bu umidlar ortidan Yevropaning yirik moliyaviy tashkilotlari YTTB, YIB O’zbekistonda faoliyatini tikladi, ammo loyiha, sarmoyalar miqdori bu moliyaviy tashkilotlarning boshqa davlatlar bilan hamkorligiga qiyoslansa, shuningdek, O’zbekiston nufuzidan kelib chiqilsa, ancha nochor ko’rinadi. G’arbning yirik biznes shirkatlari, sarmoyasi O’zbekistonga shoshayotgani yo’q, yangi hamkorlik bitimi bu vaziyatga qanchalik o’zgartirish kiritishi esa hozircha mavhum.
Prezident Mirziyoyev xorijdagi har bir safari davomida biznes doiralar bilan uchrashuvlar o’tkazadi, Yevropa ham bundan mustasno emas. Prezident Fransiyaga qilgan safari davomida bu mamlakatdagi ishbilarmonlar bilan uchrashdi, O’zbekistonga sarmoya yotqizishga taklif qildi.
Mirziyoyevning Fransiyaga safari davomida 5 milliard yevro atrofidagi shartnomalar imzolangani e’lon qilingan edi.
O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov televideniyedagi chiqishida prezidentning Fransiya tashrifiga baho berar ekan, natijalarni, jumladan, tadbirkorlar bilan o’tgan muzokarani yuqori baholadi.
Mirziyoyevning Yevropaga tashrifini bevosita kuzatgan sharhlovchilarga ko’ra esa, O’zbekiston bir necha o’n shirkatlar bilan cheklanadigan davlat emas, Markaziy Osiyoning yarim aholisiga ega davlat imkoniyati yuzlab ishbilarmonlarni yig’ish imkoniyatini beradi.
Fransiyada yashayotgan o’zbekistonlik siyosiy sharhlovchi Kamoliddin Rabbimov sarmoyadorlar ehtiyotkor ekaniga urg'u beradi.
“Yirik kapital o’ta ehtiyotkor, biror joyga sarmoya yotqizilishidan avval u yerdagi vaziyat bo’yicha ma’lumot yig’ishga pul ayalmaydi, shundan so’ng kiriladi yoki kirilmaydi. O’ylaymanki, hali investorlar O’zbekistondagi vaziyatni kuzatishda davom etishadi. E’tibor bersangiz, Mirziyoyevning fransiyalik tadbirkorlar bilan o’tgan uchrashuvida nari borsa 20 nafardan oshiq yirik tadbirkor qatnashdi. Odatda esa, har holda boshqa davlatlarning tajribasi boshqacharoq, katta yirik zalda yuzlab odamlar, tadbirkorlar yig’iladi. Hozircha Mirziyoyev endigina Yevropa bilan aloqani tiklayotgandek, birinchi uchrashuvlar, xolos. Ammo keyinchalik bu kabi uchrashuvlar qanchalik ish beradi, bu hammasi O’zbekistondagi o’zgarishlarga bog’liq bo’ladi. Yirik kapitalga kel deb, o’z fuqarosining biznesiga to’sqinlik qilib tursa, u yerga hech kim bormaydi”, - deydi Rabbimov.
Yevropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi yangi hamkorlik bitimi katta ehtimol bilan Prezident Mirziyoyevning shu yil boshida Germaniyaga rejalangan safari davomida imzolanishi mumkin.
Germaniya Yevropa Ittifoqining yetakchi davlati, moliyaviy qudratlaridan biri sanaladi.
Mirziyoyev bu tashrif arafasida yangi islohotlarga qo’l urishi, investorlar uchun qo’shimcha imtiyozlar yaratishi mumkin.
Yevropa Ittifoqi bilan muhokama qilinayotgan yangi bitimdagi siyosiy hamkorlik, xususan, O’zbekiston siyosiy maydonida islohotlar boshlash masalasi esa hozircha mavhumligicha qolmoqda.