Afg’oniston Prezidenti Ashraf G’ani Tolibon bilan davom etayotgan 17 yillik urushga yakun yasashga qaratilgan yo’l xaritasi ishlab chiqilganini e'lon qildi.
28-noyabr kuni Afg’oniston bo’yicha Jenevada bo’lib o’tgan xalqaro konferensiyada Ashraf G’ani yo’l xaritasini amalga tatbiq qilish uchun barcha zarur organ va mexanizmlar joriy etilganini aytdi.
Prezident o’z hukumati Tolibon bilan tinchlik muzokaralarining yangi bosqichini boshlashga tayyor ekanini bildirdi. Mamlakatda barpo etiladigan yangi demokratik jamiyatda Tolibonning ham o'rni bo'ladi, dedi u.
Asosiy tamoyillar sifatida barcha fuqarolar, ayniqsa, ayollarning konstitutsion huquq va majburiyatlarini to’liq ta’minlashga e'tibor qaratiladi. Xalqaro terrorchi tashkilotlarga aloqador qurolli guruhlar ushbu jarayonda ishtirok etmaydi. Konstitutsiyaga rioya qilinadi yoki unga o’zgartirishlar kiritish konstitutsion tamoyillarga muvofiq amalga oshiriladi.
“Biz erkak va ayollardan iborat 12 kishilik muzokara guruhini tuzdik. Unga prezident idorasi boshqaruvchisi Abdul Salom Rahimiy boshchilik qiladi. Shuningdek, muzokaralar davrida ko’maklashadigan Tinchlik bo’yicha maslahat kengashi ham joriy qilindi”, - dedi Ashraf G’ani.
Prezidentlikning navbatdagi davri uchun kurashga kirishar ekan, Ashraf G’ani kelasi yilning aprel oyida o’tishi mo’ljallangan saylovning Tolibon bilan tinchlik sulhiga erishish yo’lida hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini ta’kidlagan.
“Afg’on xalqiga tinchlik muzokaralari va ijtimoiy murosaga erishish bo’yicha qonuniy hujjatlarni ratifikatsiya qilish va ularni amalga tatbiq qilish huquqiga ega bo’lgan, qonuniy saylangan hukumat lozim. Bu ishlarni amalga oshirish uchun kamida besh yil kerak bo’ladi”, - deydi Prezident G’ani.
AQShning Afg’onistonda tinchlikka erishish bo’yicha maxsus elchisi Zalmay Halilzod shu paytgacha Tolibonning Qatarda faoliyat yuritayotgan rasmiylari bilan ikki marta muzokara o'tkazishga muvaffaq bo’lgan. Joriy yilning sentabr oyida o’z missiyasini boshlagan Halilzod Tolibon va Afg’oniston hukumatini muzokaralar bo’yicha ma’muriy guruh tuzishga chaqirgan edi.
Tolibon, o’z navbtida, AQShni asosiy raqib deb biladi va Afg’oniston hukumatini “Amerika qo’g’irchog’i” deb hisoblaydi. Guruh mamlakatdan AQSh va NATO qo’shinlari butunlay chiqib ketmaguncha hukumat bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara olib borish niyatida emas.