Orolbo‘yi mintaqasi uchun xalqaro trast fond ish boshladi

Your browser doesn’t support HTML5

Markaziy Osiyo mintaqasining eng katta ekologik muammosi – Orol dengizi fojeasi BMT e'tiborida. O'tgan asrning 60-yillaridan qurishni boshlagan dengiz muammosiga hamon yechim topilmagan. Hozirgi tashabbuslar asosan Orolbo'yi hududlarida yashovchi xalqlar xavfsizligini ta'minlash, ekologik fojia oqibatlarining inson hayotiga ta'sirini kamaytirishga yo'naltirilgan.

27-noyabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida yana Orol dengizi fojiasi va uning oqibatlari muhokamaga olib chiqildi.

Orol dengizi bilan bog'liq halokatli vaziyatning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan mazkur tadbir O‘zbekiston, Norvegiya, Nigeriya va Yaponiya hukumatlari tomonidan BMTning inson xavfsizligi bo‘yicha bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi mamlakat guruhi va BMTning ko‘psheriklik maqsadli jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Yuqori darajadagi tadbir BMT shafeligida O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi (IXKTF) faoliyatining rasmiy boshlanishiga bag‘ishlandi. Unda so'zga chiqqan O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Suhrob Xolmurodov Orol dengizi qurishini jahon tarixidagi global halokatga o'xshatib, xalqaro hamjamiyatni yangi tuzilgan jamg'armani qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Tadbirda xalqaro ekspertlar, BMT dastur va loyihalari rahbarlari qatorida Qoraqalpog'iston Jo'qorg'i Kenesi raisi Musa Erniyazov ham qatnashib, ekologik fojianing ayanchli oqibatlari borasida gapirdi.

O'zbekiston delegatsiyasi a'zosi, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari, O'zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi rahbari Boriy Alixanov mazkur xalqaro anjumanga yetaklagan voqealar tarixi, jamg'arma ish boshlashining ahamiyati va uning muammoni yechishga qo'shadigan hissasini quyidagicha izohladi:

"2017-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev jahon hamjamiyatini Orol muammosiga e'tiborini yana bir karra qaratgandi. Bu nafaqat mintaqa yoki bir mamlakat muammosi, balki global ekologik muammo ekanligini va hozirgi kunda ushbu masalani yechishda hamjihatlikka bel bog'lamasak, bu muammo kelgusida aks-sado beradi, albatta, bundan ham chuqurlashadi va keskinlashadi degan edi prezident. Bundan tashqari, joriy yilning 24-avgustida Turkmanistonda Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi sammitida ham mazkur masalalarga qayta e'tibor berildi, eslandi" – deydi Oliy Majlis deputati Boriy Alixanov.

Unga ko'ra, orolbo'yi hududini ekologik maqbullashtirish masalasi va yangi, innovatsion g'oyalar asosida hududni ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham ekologik yo'nalishlarda yaxshilash masalalariga e'tibor qaratilgan.

"Bugungi kunni biz alohida ta'kidlab o'tishimiz kerak, bundan olti oylar avval O'zbekistonda Orol muammosiga bag'ishlangan katta xalqaro anjuman bo'lib o'tdi, janob Takasuxa ham ana shu konferensiyada ishtirok etdi. Unda yana boshqa ko'pgina xalqaro tashkilotlar vakillari, ekspertlar, xalqaro ekologik tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdilar. Ular orolbo'yi hududlarga tashrif buyurdilar. Mo'ynoqqa kelganimizda birdan to'fon-to'zon ko'tarilib, hamma yoqni chang bosdi. Ularning ko'z o'ngida Orolning fojeasi vujudga keldi. Shunda ular o'zlari mazkur ekologik muammoning guvohi bo'ldilar. Vaziyatni o'z ko'zlari bilan ko'rdilar" – deya esladi Alixanov.

"Chunki bir avlod ko'z o'ngida bitta katta dengizning qurib bitishi yaqin tarix davomida avval kuzatilmagan hodisa. Shundan kelib chiqsak, bugungi Ko'phamkorlik Trast jamg'armasining tashkil qilinishi hamjihatlik bilan mana shu masalalarga, ya'ni Orolbo'yi hududidagi ekologik, ijtimoiy va boshqa sohalarda barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni moliyalashtirishni ko'zlovchi jamg'arma tashkil qilindi. Bu ishda O'zbekiston ham ishtirok etadi va bugungi kelishuvga muvofiq har yili jamg'arma hisobiga 2 million dollar o'tkazib turadi. Bu ishlar hukumatning Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirishga va orolbo'yi ekotizimini barqarorlashtirishga qaratilgan dasturlardan tashqari qilinadigan ishlar. Bu dasturlarga alohida e'tibor berilayotganligining sabablari ham shundaki, bular keng hamjamiyat bilan olib borilishi lozim bo'lgan ishlar majmuasiga kiradi" – deydi Boriy Alixanov.

Muammo nimada, uning yechimi qanaqa, degan savolga suhbatdoshimiz quyidagicha javob berdi:

"So'nggi 50 yil davomida Orolning o'zgarish dinamikasiga nazar tashlasak, o'tgan 50-55 yil davomida Orol dengizining suv hajmi 15 barobarga qisqardi, Orol dengizi akvatoriyasi 8 barobarga qisqardi. Dengizning sathi 29 metrga tushib ketdi. Suvdagi minerallar tarkibi oldin bir litrga 10-11 milligram bo'lgan bo'lsa, hozir 150-300 grammgacha chiqqan. Hozirga kelib Orol butkul o'lik dengizga aylanib bo'ldi. Orolning qurigan tubidan yangi, Qizil qum va Qora qum o'rtasida yangi, sun'iy qumlik, cho'l, ya'ni Orolqum, maydoni 5,5 million gektarga teng yangi cho'l paydo bo'ldi. Bu cho'ldan har yili o'rta hisobda 90 – 100 million tonna qum-chang to'zon ko'tarilib yuzlab, minglab kilometr olis joylarga ham borib tushayapti. Antarktidada ham Orolning tuz qoldiqlarini, Orolning qum qoldiqlarini topishgan. Bu hol hozirgi fojianing naqadar keng ko'lamli ekanligidan dalolat berayapti. Eng yomoni va murakkab jihati Orol hududida ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham ekologik nuqtai nazardan murakkab, bir-biri bilan chambarchas bog'liq, chigallashgan katta muammo paydo bo'ldi. Bundan tashqari hozir iqlimning global miqyosda o'zgarishini kuzatadigan bo'lsak, Orol bo'yida bu ko'rsatkichlar o'rta global ko'rsatkichlarga nisbatan harorat ikki barobar tezroq ko'tarilayapti. Agarda vaziyat shu tarzda davom etadigan bo'lsa, 2035-yilga borib Orol hududida harorat taxminan 1,5-3 selsiygacha ko'tarilishi mumkin. Bu dunyodagi harorat ko'tarilishidan 2 barobar tez degani.

Orolning bo'yida yashovchi aholi hayotini, salomatligini saqlash, ularning kelajagini ta'minlash yo'lidagi ishlarni bajarishimiz kerak. Bu birgina sog'liqni saqlash tizimigina emas, u ijtimoiy, iqtisodiy soha bilan bog'liq masalalar hamdir. Bandlik, mahalliy ishlab chiqarish sohalarini rivojlantirish, azaldan xalqda udum bo'lgan, xalqning mentalitetiga singib ketgan baliqchilik, chorvachilikni kengaytirish kerak, qishloq xo'jaligining bu sohalari yanada ilg'or texnologiyalar asosida rivojlantirilsa, Orol bo'yida yashovchi xalqning kelajagini belgilab bergan bo'lamiz".

"Ekolog sifatida aytmoqchimanki, ko'plab chora-tadbirlar, asosiy vazifalarning hammasi qamrab olingan. Bu narsani to'g'ri tushunishingizni istardim, Ekologiya imperik fan va hayot tajribasi orqali ma'lum bir narsalarni va ularning qirralarini ochadigan fan. Misol uchun, bundan 40-50 yil avval azon qobig'ining buzilishi to'g'risida hech kim o'ylamagan, buni xayoliga keltirmagan ham.Yoki iqlimning o'zgarishini. Hozir mana shunaqangi yangi va yangi global ekologik muammolar paydo bo'layapti. Bu masalalar bo'yicha biz faqat izlanish, to'g'ri yondashuv va eng asosiysi, boshlagan ishimizni oxiriga yetkazishimiz lozim. Hamjihatlik bor, eng asosiysi, biologlar tilida aytadigan bo'lsak, o'z-o'zini asrash instinkti ishlayapti. Bu hamjihatlikka intiluvchi kuch, bu hamjihatlikka intiluvchi turtki. O'ylaymanki, hamjihatlikda to'g'ri ekologik siyosat olib borilsa, ko'zlagan maqsadlarimizga erishamiz. Chunki kuch birlikda deb bekorga aytilmaydi. Hammamiz bir yoqadan bosh chiqarsak bir maqsad sari, bir maslak sari ish olib boriladigan bo'lsa, o'ylagan maqsadimiz va samaralarga erishamiz" - deya o'z mulohazalarini yakunlaydi Boriy Alixanov.

Yuqori darajadagi tadbir yakunlari bo'yicha shu kuni BMT va O'zbekiston delegatsiyasi o'zaro kelishuv memorandumini imzoladi. Tadbir yakunlari bo'yicha matbuot-konferenciyasi o'tkazildi.