AQSh Rossiya bilan tuzilgan yadro qurollariga oid bitimdan chiqmoqchi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, agar Kreml kelishuv shartlariga qaytmasa, AQSh yadro qurollarini cheklashga oid Rossiya bilan tuzilgan bitimdan chiqadi. U bu haqda Bryusselda o'tgan NATO yig'inida gapirdi.

"Qo'shma Shtatlar bugun Rossiya kelishuvni buzgani aniqlanganini ma'lum qiladi. Agar Rossiya bitim shartlariga to'liq qaytmasa, biz 60 kundan so'ng o'z majburiyatlarimizni to'xtatamiz. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, Rossiya xatti-harakatlari Amerika va hamkorlarimizning milliy xavfsizligiga tahdid solmoqda", - dedi Pompeo.

Rossiya bitim shartlari buzilganini inkor etmoqda. NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, harbiy alyans Rossiyaning yangi raketalaridan xavotirda va Moskvani shartlarga to'liq rioya qilishga chaqirdi.

Pompeoning yevropalik hamkorlari davrasida aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyingi xalqaro tartib kutilgan natijani bermadi. U Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Ittifoqini alohida tanqidga oldi.

"Kelishuvlar buzilsa, buzganlarni so'roqqa tutib, bitim yo tuzatilishi yoki bekor qilinishi kerak. So'zlarning vazni bo'lishi kerak. Shu bois bizning ma'muriyat eskirgan yoki zararli, bizning va hamkorlarimizning manfaatlariga xizmat qilmaydigan kelishuvlarni, savdo bitimlari va boshqa xalqaro hujjatlarni qayta ko'rib chiqmoqda yoki bekor qilmoqda", - dedi AQSh davlat kotibi.

Pompeoga kora, Qrim yaqinida Rossiya tomonidan Ukraina kemalariga o't ochilishi va ukrainalik dengizchilarning hibsga olinishi mutlaqo noqonuniy ekani bo'yicha barcha yakdil.

"Rossiyaliklar hibsda ushlab turilgan dengizchilarni qaytaradi, degan umiddamiz. So'ng biz jamoa bo'lib bunga mos javob tayyorlaymiz. Bunday ish qabul qilib bo'lmas holat ekanini Rossiyaga ko'rsatib qo'yishimiz kerak", - dedi Pompeo.

Ukraina va Rossiya o'rtasida yuz bergan ziddiyat ortidan Prezident Donald Tramp Argentinada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan belgilangan uchrashuvni bekor qildi.