"Aqlli" texnika vositalaridan "aqlli" uylarga

  • Amerika Ovozi

Virjiniya Texnika universiteti jamoasining quyosh energiyasidan foydalanadigan "aqlli" uy loyihasi

Virjiniya Texnika universiteti o’qituvchi va talabalaridan iborat jamoa yaratgan loyiha dunyoning quyosh energiyasidan foydalanadigan eng mukammal uyi deb tan olindi. Dubayda bo’lib o’tgan maxsus bellashuv hakamlari ana shunday qarorga kelgan.

Kelajak uylarini ko’rish uchun uzoq kutish shart emas.

Ana shunday uy loyihasiga 10 yil sarflandi, biroq uni qurish uchun bir necha kun yetarli.

“Uyni ikki kunda bitirdik. Boshqa jamoalar qurilish ishlariga to’liq ikki hafta sarfladi. Biz esa uchinchi kuniyoq quyosh energiyasi bilan uyni ishga tushirdik”, - deydi Virjiniya Texnika universiteti jamoasi a’zosi Jozef Viler.

Uyning qisqa muddatda qurilishi loyihaning ustunligini ta’minlaydi. Zarur yerga uyning barcha qismlari alohida bo’laklarda keltirib yig’iladi. Bir necha kunda uydan to’liq foydalanish mumkin.

“Kartrijlarimiz kengligi uch fut, uzunligi 12 fut va balandligi 10 fut. Kartrijlar uy tuzilishini belgilaydi. Izolyatsion devorlar haroratni yaxshi saqlaydi. Suv va elektr ta’minoti tizimi oldindan o’rnatilgan holda bo’ladi”, - deydi Viler.

Uy o’ta yuqori texnologiya mahsuliday tuyuladi. Biroq jamoa a’zolaridan biri Bobbi Vens buni rivojlanishning tabiiy bosqichi deb hisoblaydi.

“Biz foydalanayotgan telefonlar, mashinalar, barcha texnika vositalari allaqachon “aqlli” dastyorlarimizga aylanib ulgurgan. Ular kundalik turmushimizda bizga as qotmoqda. Biroq uylarimiz unday emas. Navbat endi uylarga yetdi”, - deydi u.

Biroq “aqlli” uy qurilishi an’anaviy ilmiy tajriba ishi emas. Jamoa a’zolarining aytishicha, ular bahor faslidan ko’chib kirish uchun tayyor uylarni o’z egalariga topshirishni rejalashtirmoqda.

“Yaqin kelajakda odamlar Amazon saytiga kirib, o’zlari istagan uyning texnologik xususiyatlari, funksiyalari, oshxona, dush, yotoqxona dizaynini onlayn tanlash imkoniga ega bo’ladi. Ularni xarid savatiga tashlab, qisqa muddatda “aqlli” uy sohibiga aylanishadi”, - deydi Jozef Viler.

Jamoa bir necha qurilish kompaniyalari bilan kelishuvlarni boshlagan. Yaqin kelajakda “aqlli” uylar savdosi boshlanadi.