2018-yil O’zbekiston va Afg’oniston o’rtasidagi aloqalar yangicha tus oldi. Ikki davlat prezidentlari o’rtasida imzolangan qarorlar, Tolibon bilan tinchlik muzokaralarida Toshkentning ishtirok etishi, savdo va madaniy-ma’rifiy aloqalardagi jonlanish joriy yilda esda qoladigan eng muhim voqealar bo'ldi.
Yanvar:
22-yanvarda bir guruh afg’onistonlik yoshlar O’zbekistonda tahsil olish uchun Surxondaryo viloyatining Termiz shahriga yetib bordi.
Ikki davlat kelishuvi asosida 97 nafar afg’onistonlik o’zbek Termiz shahrida ochilgan markazda o’qiy boshladi. Bu dargoh Afg’oniston fuqarolarini o’qitish ta’lim markazi deb ataladi. Talabalarning 11 nafari qizlar. Mazkur yoshlar shimoliy yetti viloyatdan jalb qilingan. Ular bakalavr darajasi uchun tahsil olib, o’zbek tili pedagoglari sifatida vatanga qaytadi.
Bu xabar Afg’onistonda olqishlandi.
Ziyolilar nazarida, yuz yildan beri to’xtab qolgan madaniy aloqalar qayta boshlanmoqda. Bu esa bir daryoning ikki sohilida joylashgan o’zbek xalqini yaqinlashtirish va birlashtirishda muhim rol o’ynashi mumkin.
Mart:
O’zbekiston hukumati Afg’oniston tinchligiga bag’ishlangan "Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro konferensiyaga mezbonlik qildi.
26-27-mart kunlari Toshkentda o’tkazilgan bu anjumanda ikki davlat rahbarlari, AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va dunyoning bir qancha mamlakatlaridan yuqori martabali vakillar qatnashdi.
“Qo‘shni Afg‘onistondagi nizoni hal qilmasdan turib oldimizda turgan maqsadlarga erishishning iloji yo‘q, chunki u tarixiy va geosiyosiy jihatdan mintaqamizning ajralmas bo‘lagi hisoblanadi”, - degan edi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi o'z bayonotida.
Aprel:
O’zbekiston Afg’onistonga uzatayotgan elektr narxi pasaytirilishini e’lon qildi.
Afg’oniston bo’yicha O’zbekiston maxsus vakili Ismatulla Irgashev Prezident Muhammad Ashraf G’ani bilan bo’lgan uchrashuvida Afg’onistonga uzatilayotgan elektr energiyasi narxi pasaytirilishini ma'lum qildi.
Prezident saroyi chiqargan bayonotga ko’ra, O’zbekiston uzatayotgan elektr enegiyasi narxini 40 foizga pasaytirishni va’da qilgan.
Ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston Surxondaryodan Afg’onistonning Bag’lon viloyatiga 1000 megavatt elektr quvvatini yektazib bermoqchi. Bu hajmdagi elektr quvvati markaziy viloyatlar ehtiyojini qondirishi mumkin.
Afg’oniston Moliya vaziri Iklil Hakimiy O’zbekistonga yuqori martabali delegatsiya bilan safar qilib, Bosh vazir o’rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo’chqorov bilan bo’lgan rasmiy uchrashuvida ikki tomonlama iqtisodiy va tijoriy hamkorlikni muhokama qilgan.
Afg’oniston Moliya vaziri Iklil Hakimiyning bildirishicha, tomonlar ikki davlat prezidentlari qo’l qo’ygan bitimlarning amalga oshirilishi xususidagi urinishlarni tekshirib chiqqan.
Uchrashuvda O’zbekiston Bosh vaziri o’rinbosari, Moliya vaziri Jamshid Qo’chqorov Toshkent Afg’onistonga 500 million dollarlik yordam berishini bildirgan. Bu yordam Mozori sharif - Maymana - Hirot temir yo’lini qurishga mo’ljallangan.
Iyul:
O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Kobulga tashrif buyurib, Bosh vazir Abdulla Abdulla va Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy bilan ushrashdi.
Bosh vazirning bildirishicha, ikki tomon davlatlararo shakllangan aloqalardan mamnun.
Abdulla Abdulla idorasi tarqatgan bayonotga ko’ra, O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O'zbekistonning Afg’onistonda sulh ta’minlanishi uchun yordam berishga, bu jarayonlarda faol qatnashishga tayyorligini aytgan.
Afg’on rasmiylari qo’shni davlatning yangi rahbariyati olib borayotgan siyosatni qo’llab-quvatlashini ma'lum qildi.
Sentabr:
6 - 8-sentabr kunlari Afg’oniston poytaxti Kobul shahrida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan xalqaro seminar o’tkazildi. Ushbu ilmiy anjumada O’zbekiston va Hindistondan beruniyshunos olimlar ishtirok etdi.
O’zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiyaga beruniyshunos olim Ashraf Ahmedov rahbarlik qildi.
Kobulda Beruniy haqida o’tkazilgan seminar ikki davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvida kelishilgan mavzulardan biri edi. Shuningdek, O’zbekiston tomoni 15-dekabr kuni temuriy malika Gavharshodbegim hayoti va faoliyatiga bag’ishlangan imliy anjumanga mezbonlik qildi.
Oktabr:
O’zbekiston prezidentining Afg’oniston masalalari bo’yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hirot Xavfsizlik konferensiyasining “Afg’oniston inqirozi, omillar va yechimlar” mavzuidagi bahsida ishtirok etib, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg’oniston tinchlik muzokaralari ishida hamkorlik qilishga tayyor ekanini yana bir bor bildirdi.
“Hammamiz Afg’onistonga tinchlik qaytishidan manfaatdormiz. Shu sababdan afg’on xalqiga yordam berib, ular bilan yonma-yon ishlamoqchimiz”, - dedi Irgashev.