Ukraina rasmiylarining ma’lum qilishicha, Rossiya o’zaro nizolarni kuchaytirishi mumkin. Moskva Qrim orqali Ukrainaga harbiy hujum qilish ehtimoli bor, deydi diplomatlar.
Ukrainaning Donbass hududida Moskva dastaklayotgan separatist guruhlar ikki davlat o’rtasida tuzilgan “Yangi yil sulhi”ni buzganlikda ayblanmoqda. Separatistlar hujumlarda Minsk tinchlik bitimida taqiqlangan og’ir kalibrli qurollardan foydalangan.
2014-yilda Rossiya hududiga qo’shib olingan Qrim yarimoroli va Ukraina tasarrufidagi hududlar tomon rus harbiy qismlarining harakatlanayotgani kuzatilgan. Qrim aerodromiga Rossiyaning qiruvchi samolyotlari joylashtirilgan. Bu haqda Vashingtonda joylashgan Urushlarni o’rganish Instituti tahlil markazi xabar bergan.
“Rossiya Qrim va sharqiy chegaralar orqali Ukrainaga qarshi ehtimoliy janglarga harbiy qismlarini tayyorlashda davom etmoqda. Harbiy operatsiyalar qisqa fursatlarda amalga oshirilishi mumkin”, - deyiladi markaz axborotida.
Ayrim tahlilchilar bu harakatlarni real urush uchun emas, aksincha G’arbni o’ylashga majbur qilish uchun ishlatilayotgan nayrang deb baholaydi.
“O’ta mavhum vaziyat. Putin Ukraina va G’arbni Rossiyaning nimalarga qodir ekanini xususida o’ylashga majbur qilmoqchi yoki yangi yil avvalida AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan yana bir sammit tashkil etishni ko’zlamoqda”, - deydi Yevropa mudofaasining yuqori martabali rasmiylaridan biri.
Ikki davlat o’rtasidagi tanglik o’tgan yilning 25-noyabrida Qora dengizning Qrimga yaqin xalqaro suv hududida Rossiya qirg’oq qo’shinlari tomonidan Ukrainaning uch kemasi ushlangani ortidan kuchaygan.
Rossiya bosqinidan himoyalanish maqsadida tuzilgan Ukraina-Qo’shma kuchlar qo’mondonligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 31-dekabr oqshomida mamlakatga 120 millimetrli snaryadlar vositasida hujum uyushtirilgan.
2015-yilda imzolangan Minsk shartnomasiga muvofiq, 100 millimetrdan yuqori kalibrli qurollardan foydalanish taqiqlangan. Matbuot xizmatining bildirishicha, Rossiya qurolli kuchlari Ukrainaning Mariupol port shahri yaqinida 82 millimetrli minomyotlardan foydalanib hujum uyushtirgan.